O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Parkent zamonaviy shaharga aylanadi

2017-07-24 | Siyosat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Parkent tumanidagi «Markaziy» mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3-fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq mahalla faoliyatining tashkiliy asoslari, jamiyat hayotidagi roli mustahkamlanmoqda. 

«Markaziy» mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino, mahalla guzari barpo etilgan. Bu yerda yig‘in xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun barcha sharoit yaratilgan. Mahalla raisi, kotib, maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar ajratilgan, ular komputer, mebel, tegishli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Profilaktika inspektori xonasida mahalladagi jamoat joylariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalari orqali hududni nazorat qilib turish imkoniyatini beruvchi monitor o‘rnatilgan. 

Mahalla to‘g‘risida qonun, sharoit bor, lekin mahalla raisining javobgarligi, quyi tizim yo‘q edi, dedi davlatimiz rahbari. Endi mahalla fuqarolar yig‘iniga katta vakolat va imkoniyatlar berildi. Mahalla raisi maslahatchilar bilan birga o‘z hududining egasi bo‘lib, har bir xonadondagi holatni, odamlarning talablarini bilishi va unga ko‘mak berishi kerak. 

Mahalla idorasi aholi bilan yanada yaqin bo‘lishi uchun ularni maktablar binosida joylashtirish mumkinligi, bu yoshlar tarbiyasi, hamjihatlik va tartib-intizomni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. 

Shu yerda ichki ishlar tizimi tomonidan olib borilayotgan profilaktika ishlari, "Xavfsiz dam olish" konsepsiyasi haqida ma’lumot berildi. 

Prezidentimiz Toshkent viloyati, jumladan, Parkent tumanida turizmni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat borligi, buning uchun dam oluvchilar va aholining xavfsizligini ta’minlash, odamlarni shu yo‘nalishda oilaviy tadbirkorlikka o‘rgatish kerakligini ta’kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev mahalla guzarida faoliyat yuritayotgan tikuvchi va kasanachi ayollar bilan suhbatlashdi. 

Mahalla idorasi hovlisida tumanda 2 suv ombori qurish, tomchilatib sug‘orish asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, tokzorlar tashkil etish, Parkent shahrining 2036-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi, ko‘p qavatli uy-joylar, yo‘llar, bozor, istirohat bog‘i va boshqa obyektlar barpo etish loyihalari namoyish etildi. 

Prezidentimiz Parkentsoy va Qizilsoy suv omborlarining tuman iqtisodiyoti, aholi daromadlarini oshirishdagi ahamiyatiga urg‘u berdi. Ushbu suv omborlari qurilishi natijasida 5 ming 800 gektar yer muntazam suv bilan ta’minlanadi. Ya’ni 3 ming 900 gektar lalmi yerga suv chiqariladi, 1 ming 900 gektar yerning suv ta’minoti yaxshilanadi. 

Prezidentimiz lalmi maydonlarni to‘liq meva-sabzavotchilikka o‘tkazish, xaridorgir mahsulotlar yetishtirishni ko‘paytirish lozimligini ta’kidladi. 

Parkentda erkin iqtisodiy zona tashkil etib, 100 million dollar investitsiya kiritish, tuman imkoniyatlari va bozor talabidan kelib chiqib, ishlab chiqarish yo‘nalishlarini belgilash, shu bilan birga, aholi o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, viloyat iqtisodiyoti uchun kadrlarni maqsadli tayyorlash, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.

 

Anvar Samadov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA

Поделиться