O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mustaqil taraqqiyotimizning qudratli namoyishi
2017-07-18 | Iqtisodiyot
O‘zbekistonda birinchi avtomobil ishlab chiqarilganiga 21-yil to‘ldi.
Mustaqilligimizning 26-yillik bayramiga “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” bosh g‘oya ostida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati rivojiga bir nazar tashladik...
Bundan chorak asr muqaddam tez orada mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomobillar yo‘llarimizni to‘ldirib yuradi, desa, birov ishonmasdi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qisqa fursatda qurilgan avtomobil zavodi mustaqillik yillarida mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biriga aylandi. O‘zbekiston dunyoda o‘z avtomobil sanoatiga ega sanoqli mamlakatlardan biri bo‘lish bilan birga, bu tarmoqni muttasil rivojlantirib bormoqda.
Asaka avtomobil zavodida dastlab “Damas”, “Nexia” va “Tico” rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2008-yilda mazkur zavod negizida “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Bu mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatining yangi davrini boshlab berdi. Bugungi kunda Chevrolet brendi ostida ishlab chiqarilayotgan “Spark”, “Lasetti”, “Cobalt”, “Orlando”, “Saptiva”, “Labo”, “Malibu” kabi xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy avtomobillar nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham xaridorgir.
O‘tgan yildan e’tiboran T-250 loyihasi doirasida “Evro-5” talablariga mos “Ravon” brendi ostidagi dastlabki “Nexia-R3” avtomobillari xaridorlarga yetkazib berila boshlandi. Italiya texnologiyasi asosida metan gaziga moslashtirilgan “Lasetti” ishlab chiqarish bo‘yicha dastlabki qadam qo‘yildi.
– Korxonamizning bosh shiori – xaridorlar talab va istagidan kelib chiqqan holda, xavfsiz va qulay zamonaviy rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarish, – deydi “GM Uzbekistan” AJ bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov. – Shu maqsadda yangi rusumdagi modellarni joriy etish ustidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayramiga xalqimizga yangi rusumdagi avtomobillarni taqdim etishni rejalashtirganmiz.
Zavodda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, eksport geografiyasini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘nlab xalqaro standartlar bilan taqdirlangan “GM Uzbekistan” AJ avtomobillari dastlab Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ukraina, Gruziya, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Armaniston va Moldova kabi 10 dan ziyod mamlakatga eksport qilingan bo‘lsa, hozir ular safiga Gana, Kot-d’Ivuar, Iordaniya, Livan, Gabon, Liviya, Kabo-Verde, Iroq, Senegal, Nigeriya, Madagaskar, Afg‘oniston, Tojikiston kabi davlatlar ham qo‘shilgan. Eksport geografiyasini yanada kengaytirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Yiliga 300 mingga yaqin avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega “GM Uzbekistan” AJda bugungi kunda 10 mingdan ziyod ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning 70 foizi yoshlardir.
– Yosh mutaxassislar malakasini oshirish doimiy e’tiborda, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “GM Uzbekistan” AJdagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Doniyorbek Rasulov. – O‘tgan davrda 400 dan ortiq yosh mutaxassislar xorijdagi yirik avtomobilsozlik zavodlarida malaka oshirib qaytdi. Yosh xodimlarimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularni uy bilan ta’minlash, tizim yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga imtiyozli kreditlar ajratish kabi ishlar ham doimiy e’tiborda.
Milliy avtomobillarimizning ichki bozorda sotuvini yo‘lga qo‘yishda ham xaridorlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 26-maydagi “Jeneral Motors O‘zbekiston” AJ ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga narxlar shakllanishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida shu yilning 1-iyunidan boshlab “GM Uzbekistan” AJning barcha avtomobil modellarini ichki bozorda milliy valyuta – so‘mga sotish yo‘lga qo‘yildi.
Qarorda tashqi bozor va eksport qilinayotgan mahsulotlar turini yanada diversifikatsiya qilish, eksport hajmini ko‘paytirish, yangi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali ishlab chiqarishni kengaytirish, butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish hisobidan importning ulushini kamaytirish va mahsulotlar tannarxini pasaytirish ko‘zda tutilgan.
Ichki bozorda avtomobillarni sotish bo‘yicha elektron baza shakllantirilgan. U 2 bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda xaridorlardan elektron arizalarni qabul qilish va elektron navbat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ikkinchi bosqichda yagona portal orqali shartnomalar rasmiylashtiriladi.
– Dastlab 2010-yilda yangi “Nexia” sotib olgandim, 6-yil haydadim, ishonsangiz bir joyi tiq etmadi, zo‘r mashina, – deydi tadbirkor Haqqul Rajabaliyev. – Yaqinda “Cobalt” oldim. Elektron ro‘yxatga yozilgandim, ko‘p o‘tmay o‘zlari telefon qilishdi, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib olib keldim.
Mamlakatimizda avtomobilsozlik rivoji yo‘lida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahri, Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi zavodlarda ishlab chiqarilayotgan yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar, maxsus transport vositalari turlari bugun 100 dan oshib ketdi.
Bu, o‘z navbatida, ularga butlovchi qismlar yetkazib berishni talab qiladi. Shu maqsadda tashkil etilgan qo‘shma korxonalar avtomobillarimiz uchun butlovchi qismlar yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan.
Andijon viloyatida avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 30 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro talab va me’yorlarga javob berishi, yuqori sifati bilan xaridorgir bo‘lib bormoqda.
“O’zErae Climate Control” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida avtomobillar uchun sovutish radiatorlari, isitish, ventilatsiyalash va havoni konditsionerlash modullari ishlab chiqarilmoqda.
– O‘tgan yili 21 milliard 705 million so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi, – deydi qo‘shma korxona bosh direktori Nodirjon Ahmedov. – Mahsulotlarimizga talab xorijda ham ortmoqda. Shu bois 2016-yilning iyul oyidan hamkorlik kelishuviga asosan Rossiyada ishlab chiqarilayotgan “UAZ Patriot” avtomobili uchun isitish radiatorlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. O‘tgan qisqa davrda 15 ming 300 dona isitish radiatori tayyorlanib, Rossiyaga eksport qilindi.
Mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatida yangi davr boshlanmoqda. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-iyundagi “Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi “Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” korxonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida o‘z aksini topdi.
Ayni kunlarda “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi “Pejo Sitroyen” guruhi bilan hamkorlikda barpo etayotgan avtomobil zavodining qurilishi qizg‘in pallada.
– Yangi zavodda yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan «Peugeot» va «Citroen» yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqariladi, – deydi “Pejo Sitroyen” guruhi vitse-prezidenti Kristof Berjeran. – Qo‘shma korxonaning ustav kapitali 30 million yevro. Loyihani amalga oshirishga umumiy qiymati qariyb 130 million yevrolik investitsiya jalb etilayotir. 2019-yilda korxona mahsulot ishlab chiqarishni boshlaydi va yiliga 16 ming dona zamonaviy avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Mahsulot ichki bozordan tashqari yaqin va uzoq xorij davlatlariga ham eksport qilinadi.
Muxtasar aytganda, yurtimizning keng va ravon yo‘llariga mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan chiroyi va sifati havas qilgulik avtomobillar yarashadi.