O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vaziri sayyor qabulda
2017-06-27 | Jamiyat
Xabaringiz bor, mamlakatimizning barcha hududlarida sayyor qabullar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan tayyorlangan materialda qayd etilishicha, mazkur tizimning navbatdagi bosqichida ilk bora sohalar bo‘yicha murojaatlar bilan ishlashga kirishildi. Bu borada 20 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida boshlangan sayyor qabulda sud, prokuratura, ichki ishlar, adliya, soliq va bojxona masalalari bo‘yicha fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlari bevosita muhokama qilindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaatlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois, sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoybergenov, Oliy sud raisi K.Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev, ichki ishlar vaziri A.Azizov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Tohiriy, adliya vaziri M.Ikromov fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularga yechim izlagani murojaatchilar uchun katta qulaylik bo‘ldi.
Bugunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning 55 ming 416 tasi sud organlariga tegishlidir. Eng ko‘p murojaatlar poytaxtimiz (21,8 foiz), Toshkent (11,6 foiz), Farg‘ona (9,4 foiz), Qashqadaryo (9,3 foiz), Surxondaryo (9 foiz) viloyatlaridan kelgan. Murojaatlarning katta qismi – 52,2 foizi sudlarda fuqarolik ishlari ko‘rilishiga oid.
Ayni paytgacha Ichki ishlar vazirligiga 93 ming 484, Bosh prokuraturaga 50 mingdan ziyod, Adliya vazirligiga 43 ming 245, Davlat soliq qo‘mitasiga 6 ming 273, Davlat bojxona qo‘mitasiga 1 ming 41 ta murojaat kelib tushgan. Bunda aholi va tadbirkorlar Ichki ishlar vazirligiga asosan fuqarolik pasporti (14,6 foiz), Bosh prokuraturaga ish haqini undirish (15,1 foiz), Adliya vazirligiga aliment undirish (47,8 foiz), Davlat soliq qo‘mitasiga soliqqa tortish bilan bog‘liq masalalar (22,3 foiz), Davlat bojxona qo‘mitasiga xizmatdan noqonuniy bo‘shatilganlik, xizmatga qayta tiklash, Oliy harbiy bojxona institutiga o‘qishga kirish (35 foiz) hamda bojxona nazoratini o‘tkazish va rasmiylashtiruv (30,1 foiz) to‘g‘risida murojaat qilgan.
Mazkur sayyor qabulning o‘ziga xosligi – bunda deyarli barcha masala, u sud yo prokuratura, ichki ishlar yoki adliya, soliq yohud bojxona masalalari bo‘lishidan qat’i nazar, qo‘shimcha o‘rganish va tekshirishlarni talab qiladi. Sud adolatli yo adolatsiz qaror qabul qilgani, tergov ishlarida xato-kamchiliklar bor-yo‘qligi – bularni aniqlash, adolatli yakuniy qaror qabul qilish uchun vaqt kerak, albatta.
21-23 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda Adliya vaziri M.Ikromov tizim vakolatiga daxldor bir qator masalalarda murojaat qilgan fuqarolar bilan muloqotda bo‘lib, ularning dardini, muammolarini eshitdi. Ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi. Ushbu murojaatlar hozirda atroflicha o‘rganilmoqda. Uning natijalari bo‘yicha arizachilarga qonunda belgilangan muddatlarda javob beriladi.