O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sayyor qabul jarayoni yangi bosqichda

2017-06-22 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tashkil etayotgan sayyor qabullarning navbatdagi bosqichida sohalar bo‘yicha murojaatlarga yechim izlanmoqda. Xususan, joriy yilning 20-21-iyun kunlari M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahar filialida tashkil etilgan sayyor qabulda poytaxt aholisining uy-joy, kommunal, obodonlashtirish, qishki mavsumga tayyorgarlik va bandlik masalalariga oid murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Ochiq muloqotda Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Markaziy bank, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish, “Ergeodezkadastr”, Avtomobil yo‘llari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi rahbarlari, Toshkent shahri va tumanlar hokimlari qatnashdi. 

Sayyor qabulda jismoniy va yuridik shaxslardan tushayotgan har bir murojaat davlatimiz rahbarining shaxsan nazoratida ekani, bunday sayyor qabullar odamlarni qiynayotgan muammolarni qonun doirasida samarali hal etishda ta’sirchan vositaga aylangani ta’kidlandi. 

– Joriy yilning 16-iyuniga qadar Prezidentimizning Toshkent shahri va tumanlardagi Xalq qabulxonalariga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 10 ming 46 murojaatning 88,5 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ijroda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi Bahodir Zokirov. – Murojaatlarning 1 ming 780 dan ortig‘i uy-joy, 1 ming 140 ga yaqini qurilish va kommunal soha masalalariga oid. Tahlillar mahalliy davlat idoralari mutasaddilari faoliyati samaradorligini oshirish uchun nimalarga ko‘proq e’tibor berish lozimligini ko‘rsatmoqda. 

Sayyor qabulda uy-joy, kommunal, obodonlashtirish va bandlik masalalari bo‘yicha murojaatlarni o‘rganish, muammolar muhokamasi, fuqarolar va masalaga biriktirilgan mutasaddi idoralar vakillari uchun yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazishda maxsus xonalar tashkil etildi. 

– Bektemir tumani Binokor mahallasidagi ayni paytda yashab kelayotgan uy-joyimizning kadastr hujjatlaridagi kamchiliklarini to‘g‘rilashda ishimiz ortga surilavergach, Prezidentimizning Xalq qabulxonasiga amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edim, – deydi Sayyora Xolbekova. – Bugun mutaxassislar bu borada tushuntirishlar berdi. Mutasaddilar uy-joyimiz bilan bog‘liq zarur hujjatlarni qabul qildi. Ikki kunda muammoni hal qilib beradigan bo‘lishdi. 

– Sergeli tumani Daryobo‘yi mahallasida joylashgan 33-uyda yashayman, – deydi Muhabbat Yodgorova. – Uyimizning to‘rtinchi qavatida yashayotgan aholi, mana yetti-sakkiz yildirki, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammodan aziyat chekadi. Kechasi jildirab kelgan suvga idishlarni to‘ldirib olamiz. Mutasaddilarning aytishicha, yetarlicha bosim yo‘qligi sababli suv yuqori qavatga ko‘tarilmayotgan ekan. Tumanimizda mana shu masala bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning hammasiga murojaat qildik, lekin natija yo‘q. Sayyor qabulda dardimizni eshitib, ertagayoq maxsus komissiya vaziyatni o‘rganishga borishini aytishib, masalani tez kunlarda ijobiy hal qilishga va’da berishdi. 

Murojaatlar tahlil qilinganda, ularning aksariyati bir necha yo‘nalishlar, mutasaddi idoralar hamkorligida hal qilinishi lozimligi oydinlashadi. Sayyor qabulga Uchtepa tumanidan kelgan Dilbarxon Rahimovaning moddiy yordam hamda kelini uchun doimiy ish so‘rab qilgan murojaati ham Xotin-qizlar qo‘mitasi va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida hal etildi. 

– Dilbarxon Rahimovaning oilaviy sharoiti bilan tanishdik: ona ikkinchi guruh nogironi, ko‘zi ojiz o‘g‘lini yolg‘iz o‘zi katta qilib, uylantirgan, oxirgi paytlarda ro‘zg‘orda moddiy qiyinchiliklar sezilmoqda, – deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gulnora Ma’rufova. – O‘zi ishlab, bir-ikki so‘m daromad qilay desa, kuch-g‘ayrati oldingiday emas. Kelini ham qayerdan ish topmasin – uydan uzoqda, kun davomida band bo‘lishni talab qiladi. Oila a’zolarini kasanachilik asosida ish bilan ta’minlash rejamiz borligini aytganimizda, ularga ma’qul tushdi. Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasi hududdagi tadbirkorlik subyektlaridan bu oilaga mos ish topishga bugunoq kirishdi. 

Yuzma-yuz, ochiq va oshkora muloqotlar asnosida qator muammolarga yechim topildi. Qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillari o‘zlariga tegishli har bir masala yechimi uchun javobgarlikni zimmasiga oldi.

 

Ikrom Avvalboyev, O‘zA

Поделиться