O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston bozorida yangi mahsulot
2017-06-08 | Iqtisodiyot
Poytaxtimizda "Yaks" kompaniyasining yangi mahsuloti – «Puffix» ko‘pikli sovunining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston bozorida yagona bo‘lgan yangi mahsulotning ishlab chiqarilish jarayoni, uning xususiyatlari va afzalliklari haqida so‘z yuritilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi vakillari hamda "Yaks" kompaniyasi mutaxassislari ishtirok etdi.
– Butun dunyoda suv tanqisligi kuzatilayotgan ayni vaqtda suvni tejash borasidagi izlanishlar muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining suv xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti ijrochi direktori Ahmad Olimjonov. – Ushbu maqsadga xizmat qiluvchi yangi mahsulotlarning ko‘payishi e’tiborga molik voqeadir. Sinovlarda «Puffix» ko‘pikli sovunlari ishlatilganda oddiy suyultirilgan sovunga nisbatan suvning sarfi ikki barobarga qisqardi.
Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, raqobatni rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasida import o‘rnini bosadigan, ichki bozorda muqobili yo‘q yangi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi tobora oshmoqda.
– Ko‘pikli sovunlarining afzalliklaridan yana biri uning qo‘l yuvishga ketadigan vaqtni tejashidir, – deydi kompaniya mutaxassisi Mohira Toshpo‘latova. – U allergik reaksiyalarni keltirib chiqarmasligi bilan ham ahamiyatli. Iste’molchi uchun qulay yana bir jihati bor. Bu uning tejamli ekanidir. Masalan, suyuq sovun 160-marta foydalanishga yetsa, shunday hajmdagi ko‘pikli sovun 530 marotaba ishlatishga yetadi.
Ta’kidlash joizki, ayni paytda savdo tarmoqlari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan taklif etilayotgan turli sanitariya-gigiyenik buyumlar va maishiy kimyo vositalari bilan to‘la. Mahsulotlar xilma-xilligidan ko‘z quvnaydi va ular sifat jihatidan bir-biridan qolishmaydi. Bu ishlab chiqaruvchilarimiz bozorda o‘z mavqeini oshirib borayotganidan dalolat beradi.
Taqdimotda mahsulot iste’molchilar uchun hamyonbop narxlarda bo‘lishida maxsus patentlangan dozatorning o‘rni alohida ekanligi qayd etildi. Bir qarashda texnik qism mahsulot narxini oshirayotganday ko‘rinsada, aslida ko‘pirtirilgan sovun suyuqligini bir me’yorda chiqarilishini ta’minlagani sabab mahsulot kamchiqim bo‘ladi. Dozatordan chiqqan suyuqlikda odatdagidan ko‘ra, ikki barobardan ortiq miqdorda kam sovun sarf bo‘ladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oddiy sovundan har safar foydalanilganda maxsus qopqoq orqali 1,5-2,0 grammdan suyuqlik sarflansa, yangi mahsulotda maxsus dozator orqali 0,75 gramm aralashma chiqariladi.
Etti yildan buyon faoliyat yuritayotgan korxonada yuvish vositasining yangi turlarini tayyorlash borasida izlanishlar davom etmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratish choralari ko‘rilmoqda.