O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Har bir bola mehr va e’tiborda
2017-05-30 | Jamiyat
Mamlakatimizda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan "Har bir bolaga mehr, e’tibor!" shiori ostida maxsus haftalik boshlandi. Loyihaning ilk tadbiri sifatida poytaxtimizdagi "Toshkent-Lend" istirohat bog‘ida bolalar uchun xayriya aksiyasi tashkil etildi.
"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi, "Sen yolg'iz emassan" Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilayotgan mazkur haftalikning ilk tadbiriga poytaxtimiz, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari, alohida ehtiyojli oilalarning farzandlari qamrab olindi.
"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S.Inomova, "Sen yolg'iz emassan" Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi direktori o‘rinbosari M.Oxunova va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yosh avlod tarbiyasiga ulkan e’tibor qaratish, ta’limning barcha bo‘g‘inlari sifati va samaradorligini oshirish, o‘g‘il-qizlar ma’naviyatini yuksaltirish, ayniqsa, bolalarning kitobga bo‘lgan mehri va qiziqishini kuchaytirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida oilalar, onalik va bolalik manfaatlarini himoyalash, tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinikalar, maktabgacha tarbiya maskanlari ishini zamon ruhiga mos tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan keng qamrovli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar o‘g‘il-qizlarda Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhini mustahkam qaror toptirishi shubhasiz.
"Har bir bolaga mehr, e’tibor!" maxsus haftaligi doirasida rang-barang va qiziqarli tadbirlar, tanlovlar, badiiy ko‘rgazmalar, teatrlar, istirohat bog‘lariga sayohatlar, sport musobaqalari, konsertlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
– Bu so‘lim maskanga har yili bolalarni olib kelamiz, – deydi Guliston shahridagi "Bolalar shaharchasi" direktori Pokiza Ahmadjonova. – Yurtimizdagi barcha bolalar kabi bizning tarbiya muassasamizdagi bolalar uchun ham hamma sharoit yaratilgan. Ta’til davrida sport, badiiy ijodiyot to‘garaklari faoliyati keng yo‘lga qo‘yiladi. Bolajonlar "Sirdaryo" va "Mehribonlik" oromgohlarida dam olishi ko‘zda tutilgan.
Xayriya aksiyasi doirasida bog‘dagi barcha attraksionlar bolalarga bepul xizmat ko‘rsatdi. Kichkintoylarga sovg‘alar ulashildi.