O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Barkamol avlod – 2017: dastlabki medallar suzish sporti ustalarida
2017-05-26 | Sport
Jizzax shahrida davom etayotgan “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlarining dastlabki medallari suzish bo‘yicha ishtirokchilarga nasib etdi.
“So‘g‘diyona” universal sport majmuasida “Barkamol avlod – 2017” saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan eng sara sportchilar brass, chalqancha, batterflyay, erkin hamda aralash estafeta usullarida suzish bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Ishtirokchilar orasida mamlakat birinchiliklari, xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindorlari borligi musobaqalarning murosasiz o‘tishini ta’minladi.
Qizlar o‘rtasida ellik metrga batterflyay usulda suzish bahslarida qashqadaryolik Fotima Amilova marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tib, oltin medal sohibi bo‘ldi. Shu masofaga o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarda andijonlik Zufar Abdulazizov birinchi o‘rinni egalladi.
– Ushbu musobaqa mening hayotimda eng unutilmas voqea bo‘lib qoladi, – deydi qashqadaryolik F.Amilova. – Davlatimizning katta e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli biz, yoshlar uchun sportning barcha turlari, xususan, yaqin o‘tmishda qishloq qizlariga deyarli begona bo‘lgan suv sporti bilan shug‘ullanish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanib, “Barkamol avlod” musobaqalarida g‘olib bo‘lganimdan baxtiyorman.
O‘smirlar va qizlar o‘rtasida ellik metrga chalqancha usulda suzish bahslarida poytaxtlik sportchilar Irina Ushakova va Aleksey Tarasenko shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Yuz metrga batterflyay usulda suzishda qoraqalpog‘istonlik Marjina O‘razimbetova va poytaxtlik Artyom Kozlyuk eng yaxshi natija qayd etdi.
Ikki yuz metrga erkin usulda suzish bahslarida andijonlik Shahnoza Sodiqova va Navoiy viloyati vakili Olimjon Odilov g‘olib chiqdi. Qizlar o‘rtasida aralash estafeta musobaqasida Qashqadaryo viloyati, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Toshkent shahri jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Suzish bo‘yicha musobaqalarning birinchi kuni natijalariga ko‘ra, eng ko‘p ochko jamg‘argan Toshkent shahri jamoasi birinchi, andijonliklar ikkinchi, kashqadaryoliklar uchinchi o‘rinni egallashdi. Musobaqalar yakunida g‘oliblarga diplom va sovg‘alar topshirildi.