O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2017-05-23 | Siyosat
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov va Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil aprel oyidagi Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va vazirliklararo aloqalarni mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyat ekani ta’kidlandi.
Rossiya delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan maqsad va vazifalar haqida so‘zlab berildi. Mamlakatimiz Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari isloh etilayotgani, mahallalarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun tizimning quyi bo‘g‘inlari mustahkamlanayotgani, huquqbuzarlikning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida haftaning payshanba kuni profilaktika kuni, deb e’lon qilingani qayd etildi.
Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev O‘zbekistonda tinchlik-osoyishtalik va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mukammal tizim yaratilgani, manzilli profilaktika ishlari jinoyatchilikni kamaytirishda muhim o‘rin tutayotgani, profilaktika inspektorlari va jamoatchilik tashkilotlari, xususan, mahalla o‘rtasidagi yaqin hamkorlik ijobiy samaralar berayotganini yuqori baholadi. Bu tajribani o‘rganish, boshqa mamlakatlarda ham tatbiq etish foydali bo‘lishini qayd etdi.
Uchrashuvda xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotrafikka qarshi kurashish va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikka oid hujjat imzolandi.
Rossiya delegatsiyasi a’zolari tashrifning dastlabki kunida Samarqandda bo‘lib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Poytaxtimizning Olmazor tumani ichki ishlar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishdi.