O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston madaniy merosi – tarix zarvaraqlarida
2017-05-16 | Madaniyat
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining «Media-xoll» majmuasida 15-may kuni “O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” mavzusida xalqaro ilmiy-madaniy kongress boshlandi.
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, YuNESKO hamda Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etilgan xalqaro anjumanda AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Germaniya, Niderlandiya, Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Polsha, Fransiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan olimlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonda boy madaniy merosni asrash va o‘rganish, xalqimizning insoniyat sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi raisi A.Saidov, madaniyat vaziri M.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi K.Pikkat, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Tomas Kunse va boshqalar shu haqda so‘z yuritdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida madaniyat, ilm-fan, adabiyot va san’at sohalari bo‘yicha ham ulkan maqsadlar belgilangan.
O‘zbekiston boy madaniy merosi, ma’naviy qadriyatlari, fan va ta’lim sohasidagi ulkan yutuqlari bilan insoniyat tamadduniga salmoqli hissa qo‘shgan. Bu ulkan meros mamlakatimizdagi yuzlab muzeylar, ilmiy-tadqiqot institutlari, galereyalar va arxivlarda asrab-avaylab kelinmoqda.
– Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan O‘zbekiston boy madaniy merosga ega mamlakat, – deydi Krista Pikkat. – Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzning tarixiy-madaniy obyektlari YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. O‘zbekiston nomoddiy merosi bilan ham faxrlansa arziydi. Ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan barhayot an’analar – Shashmaqom, Katta ashula, Navro‘z, Askiya va Boysun madaniy merosi YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatidan joy olgan. Tashkilotimizning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorlikda o‘z vakolati doirasiga kiradigan sohalarda ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda. Yo‘lga qo‘yilgan ishonchli munosabatlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Vatanimiz ma’naviy merosining yana bir salmoqli qismi chet ellardagi muzeylar, xususiy kolleksionerlar fondidan joy olgan. Jumladan, Termiz yaqinidagi Ayritom shaharchasi hududidan topilgan Ayritom frizi Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaji qadimiy buddaviylik san’ati to‘plamining iftixori sanaladi. Stokgolmdagi Xalq san’ati muzeyi fondida XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Toshkent, Samarqand, Farg‘ona shaharlaridan yig‘ilgan O‘zbekiston amaliy san’atining nihoyatda boy kolleksiyasi – badiiy ishlov berilgan metall va sopol buyumlar saqlab kelinmoqda. Yaponiyaning Osaka shahridagi Milliy etnologiya muzeyida “O‘zbekiston burchagi” tashkil etilganini alohida qayd etish lozim. Unga Surxon vohasining tarixiy yodgorliklarida uzoq yillar izlanishlar olib borgan yaponiyalik arxeolog olim Kyudzo Kato asos solgan.
Moskva, Sankt-Peterburg, London, Parij, Venetsiya, Genuya, Berlin, Stokgolm, Qohira, Tehron, Istanbul va dunyoning boshqa shaharlari kutubxonalari va muzeylarida ham ko‘plab qo‘lyozmalar, qadimiy bitiklar, maktublar, amaliy san’at buyumlari va boshqa osori-atiqalar saqlanmoqda.
Ushbu tarixiy boylikni izlab topish va xalqimizga yetkazish maqsadida “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” media-loyihasi amalga oshirilmoqda. Xalqaro anjumanda mazkur loyihaning taqdimoti bo‘ldi. “O‘zbekiston madaniy merosi” kitob-albomi taqdim etildi. “Sharq davlat muzeyi to‘plami” (Moskva), “Rossiya Etnografiya muzeyi to‘plami” (Sankt-Peterburg), “Tretyakov davlat galereyasi to‘plami” (Moskva), “O‘zbekiston gilam va kashtalari dunyo to‘plamlarida” (Rossiya, AQSh, Kanada, Avstraliya) hamda “Alisher Navoiy asarlari Rossiya milliy kutubxonasi to‘plamlarida”dan (Sankt-Peterburg) iborat besh tomlik mazkur kitob-albom o‘zbek, ingliz va rus tillarida nashr qilingan.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston o‘zining qadimiy tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, qadriyatlari, ko‘plab tarixiy-me’morlik va madaniy yodgorliklari bilan butun dunyoga dong taratganini alohida qayd etdi.
Germaniyaning Saksoniya federal yeri parlamenti raisi Matias Ressler o‘z video-murojaatida ushbu media-loyiha va to‘plamlar O‘zbekiston madaniy merosini dunyoga kengroq yoyish, xalqlararo madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Germaniya O‘zbekiston bilan hamkorlikni barcha yo‘nalishlar qatori madaniyat sohasida ham izchil rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.
Anjuman doirasida nashr etishga tayyorlanayotgan “O‘zbekiston musiqiy merosi”, “Davlat Ermitaji to‘plami”, “Davlat tarix muzeyi to‘plami”, “Sharq qo‘lyozmalari instituti to‘plami”, “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: asrlar osha saqlangan an’analar” kitob-albomlarning loyihasi taqdimoti ham bo‘ldi. Ularni tayyorlashda mamlakatimizning taniqli olimlari, san’atshunoslari, musiqashunos va sharqshunoslari ishtirok etmoqda.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» loyihasi qamrovi bo‘yicha dunyoda o‘xshashi yo‘q loyiha hisoblanadi. Kitob-albomlarni nashrga tayyorlash jarayonida O‘zbekistondan olib chiqib ketilgan eng yaxshi artefaktlarni to‘plash va umumlashtirish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilgan. Ular orasida arxeologiya, kulolchilik, metall buyumlar, numizmatika, to‘qimachilik, zargarlik san’ati va tasviriy san’at buyumlari bor.
– Muzeyimiz bir necha yildan buyon “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasini amalga oshirishda mamlakatingiz olimlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, – deydi Butunrossiya amaliy-dekorativ va xalq san’ati muzeyi direktori Yelena Titova. – Mazkur yirik loyiha doirasida o‘tgan yili muzeyimizda “O‘zbekiston madaniy merosi boyliklari” nomli ko‘rgazma o‘tkazildi. Ushbu loyiha qamrovi yanada kengayishiga, uni davom ettirish, yangi ishlanmalar va nashrlar tayyorlash ustida ishlayotgan xalqaro mutaxassislar safi kengayishiga ishonchim komil.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 10-maydagi farmoni bilan ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishdagi munosib hissasi, mamlakatimizning ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki uchun O‘zFA San’atshunoslik instituti bo‘lim boshlig‘i, akademik Edvard Rtveladze “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi. Kongress ishtirokchilari “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” media-loyihasi ilmiy rahbari, yirik tarixchi-arxeolog olim Edvard Rtveladzeni ushbu yuksak mukofot va tavalludining 75-yilligi bilan qutladi.
– Prezidentimiz mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ilm-fanning o‘rnini mustahkamlash, olimlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratmoqda, – dedi Edvard Rtveladze. – Xalqaro mutaxassislar hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha ko‘p yillarga mo‘ljallangan. Bu O‘zbekiston xalqining boy va nodir madaniy-tarixiy merosini yanada kengroq targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Kongressning birinchi ish kunida O‘zbekiston hududida turli madaniyatlar va badiiy an’analar, dunyo to‘plamlarida O‘zbekiston san’ati va artefaktlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Shu kuni O‘zbekiston madaniyati va san’atini keng yoritishga ixtisoslashgan “Karavan TV” telekanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “Jurnalistlar bahori” an’anaviy media-festivali, mamlakatimiz turli hududlarining o‘ziga xos milliy taomlari namoyishi va palov tanlovi o‘tkazildi.