O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Onlayn-marketing rivojlanmoqda
2017-04-27 | Texnologiyalar
Poytaxtimizda onlayn-marketing va internet tarmog‘ida tovar va xizmatlarni taklif etishga bag‘ishlangan “Ucenet – 2017” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “UZINFOCOM” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi, “Ledokol Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘istondan telekommunikatsiya va reklama sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda bugun mamlakatimizda 12 milliondan ortiq internetdan foydalanuvchi va 21 milliondan ziyod mobil aloqa abonentlari ro‘yxatga olingani va ularning aksariyati mobil internet xizmatlaridan foydalanayotgani ta’kidlandi.
“Ledokol Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilshod Muzaffarovning aytishicha, o‘z tovar va xizmatlarini internet orqali taklif etayotgan reklama beruvchilar soni yil sayin ko‘paymoqda. Bu o‘ziga xos yo‘nalish bo‘lib, marketing sohasidagi an’anaviy yondashuvlarni o‘zgartirmoqda. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar yangi reklama vositalariga ega bo‘layotir, UZ domeniga yangi portal va saytlar qo‘shilib, yanada rivojlanmoqda.
Onlayn-marketing yaqinda paydo bo‘lganiga qaramasdan mamlakatimizning ko‘plab kompaniya va korxonalari ushbu xizmat turidan samarali foydalanmoqda. Anjumanda veb-resurslar va ijtimoiy tarmoqlar orqali tovar va xizmatlarni taklif etishga ixtisoslashgan mamlakatimiz va xorijiy marketologlarning tajribasi haqida so‘z yuritildi.
Anjuman doirasida tashkil qilingan mahorat saboqlarida veb-resurslardan foydalanuvchilar e’tiborini jalb qilishga xizmat qiladigan o‘ziga xos reklama bannerlarini yaratish usullari, mamlakatimizda ishlab chiqilgan “CLICK” mobil banking tizimi yangi xizmatlari va imkoniyatlari namoyish etildi.