O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Adolat va haqiqat kuchi

2017-04-20 | Jamiyat

Joriy yilning 17-aprel kuniga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga poytaxtimizning Olmazor tumanidan 17 ming 436 murojaat kelib tushgan. Ularning 15 ming 733 tasi ko‘rib chiqilgan, 1 ming 703 murojaat ko‘rib chiqilish jarayonida. Albatta, qator murojaatlarga yechim topilgan, biroq hali to‘la hal qilinmagan shikoyatlar ham ancha.

Bu jarayonda murojaatlarga samarali yechim topish borasida muayyan ishlar qilingan, ammo ba’zi rahbarlar aholining eng muhim hayotiy ehtiyojlari va haqli talablariga befarq munosabatda bo‘layotgani ham ko‘zga tashlanmoqda. Tuman aholisidan kelgan murojaatlarning 7 ming 532 tasi bevosita Olmazor tumani hokimligi vakolatiga taalluqli. Ammo tuman hokimligida murojaatlar bilan ishlash to‘g‘ri tashkil etilmagan, murojaatlarni taqsimlash va nazorat qilishga yuqori malakali kadrlar jalb qilinmagan, tahlil ishlari yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Oqibatda 416 murojaat belgilangan ijro muddatida ko‘rib chiqilmagan, shundan 126 tasi 2016-yildan beri muallaq osilib turibdi. O‘tgan davrda ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 5 ming 430 tasiga o‘z muddatidan kechikib javob xati berilgan. 

Shu yilning 18-aprelida Olmazor tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda tumanda murojaatlar bilan ishlash, odamlar qalbiga yo‘l topish, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolariga yechim izlash borasidagi ishlar tahlil etilib, yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar keskin tanqid qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tashkil qilgan ochiq muloqotda sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, markaziy idora va tashkilotlar, bank-moliya muassasalari rahbarlari, poytaxtimiz va Olmazor tumani hokimliklari mas’ul xodimlari fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularni hal qilishga kirishdi. 

Ochiq muloqotda bir jihat oydin bo‘ldi: murojaatlar to‘la-to‘kis o‘z yechimini topishi uchun barcha mutasaddi bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi shart. Bunda fuqarolarning o‘ziga ham ko‘p narsa bog‘liq. 

Farg‘onalik Muxtasar Mahmudova olmazorlik Shuhrat Ahmedov bilan faqat shar’iy nikoh asosida birga yashagan. Ikki farzandi bor. Aytishicha, eri ruhiy kasallar shifoxonasiga yotqizilgan, oilaviy kelishmovchilik tufayli u farzandlari bilan uydan ko‘chaga quvilgan. Olti yoshli qizi Nilufar ham maktabgacha ta’lim muassasasidan haydab yuborilgan. Ayol erini ruhiy kasallar shifoxonasidan topa olmayapti, erining uyiga ham kirolmayapti. 

Sayyor qabulda mutasaddilarga bu ayolni erining uyiga vaqtincha kiritish, yarashtirish borasida barcha ishni qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

– Avvalo, shuncha tushuntirish-targ‘ibot ishlaridan so‘ng ham faqat shar’iy nikoh asosida turmush qurish hollari mavjudligi juda achinarli, mana shunday vaziyatlarda bu bizni juda chigal ahvolga solib qo‘yadi, – deydi Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Abdurahimova. – Hozir bu ayol erining uyiga vaqtincha kiritiladi, so‘ng turmush o‘rtog‘ini topib, gaplashib ko‘ramiz. Ular qonuniy nikohdan o‘tsa, ayol shu asosda erining uyiga doimiy propiska qilinadi. Shunda bu masalaga huquqiy yechim topiladi, biroq oiladagi ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish masalasida hali ancha ish qilishimiz kerak. 

Olmazor tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri Doniyor Sultonovning aytishicha, M.Mahmudovaning qizi tez kunda oilasiga qulay maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtiriladi. 

Bir necha yil avval Toshkent tibbiyot akademiyasi balansidagi Olmazor tumani Shifokorlar-2 ko‘chasida joylashgan uy akademiya xodimlariga yashash uchun berilgan. Bu uyda yashovchilar – Jamshid Allamurodov, Gulbahor Rahmonova, Zilolaxon Ergashevaning aytishicha, ularga mazkur uy «Kamolot» YoIH va kasaba uyushmasining boshlang‘ich tashkilotlari tavsiyasi asosida qonuniy ajratilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi Olmazor tumani hokimligining da’vosi asosida ularga mazkur uyni berish haqidagi hujjatni bekor qilgan. 

– Shu yilning 31-mart kuni sud ijrochilari o‘n kunlik bolamiz bilan bizni ko‘chaga haydadi, – dedi Jamshid Allamurodov. – Shundan beri hali u, hali bu tanishlarning uyida yashab yuribmiz. 

Sayyor qabulda Oliy sud mutasaddilari bu masala nazorat tartibida tezda qonuniy ko‘rib chiqilib, adolatli yakuniy qaror qabul qilinishini ma’lum qildi. Sud yakuniy qarorni aytmaguncha bu uyda yashovchilarni, ayniqsa, chaqalog‘i bor oilani uydan quvib chiqarish oddiy insoniylik mezonlariga ham to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlandi. J.Allamurodov oilasi va boshqalarning Oliy sud yakuniy, adolatli qarorni qabul qilguncha shu uyda yashab turishi ta’minlandi. Ularga xonadonlari kalitlari qaytarildi. 

Olmazorlik G‘ofur Qahhorovning uyi 2014-yilda buzilgan. Unga hokimlik quruq yer taklif qilgan, biroq G‘.Qahhorov bunga rozi bo‘lmagan. Ochiq muloqotda mutasaddilar bu masalani o‘rganib, fuqaroga ko‘p qavatli uy-joylardan xonadon ajratib berish masalasini ko‘rib chiqadigan bo‘ldi. 

– Har oyning 5-sanasida pensiyamni olayotgandim, biroq aprel oyi uchun nafaqani bugungacha olmadim, – deydi pensioner Gulsara Xalilova. – Mazkur sayyor qabuldagi murojaatimdan so‘ng Xalq bankining Olmazor tumani filiali rahbari yarim soatda pensiya pullarimni to‘latib berdi. 

– O‘n yoshli nogiron bolam bor, uni davolatish uchun qo‘limiz sal kaltalik qilib turibdi, – deydi Zilola Saybarova. – Hozirgina O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova va boshqa mutasaddilar men bilan suhbatlashdi. Ular o‘g‘limni davolatish, dori-darmon masalasida yordam beradigan bo‘ldi. 

Ha, keskin bahs-munozara, yuzma-yuz, ochiq va oshkora muloqotlar asnosida ko‘plab muammolarga yechim topildi. Sayyor qabulda murojaatlarning sabab-oqibatlari va yechimlari muhokama qilindi. Qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillari o‘zlariga tegishli har bir masala yechimi uchun javobgarlikni zimmasiga oldi. 

Keyingi paytda mamlakatimizda muayyan hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun jamoaviy javobgarlik tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda: endi shahar yo tumandagi barcha masala uchun hokim bilan birga prokuratura, ichki ishlar va soliq organlarining shu hududdagi birinchi rahbarlari teng javobgar bo‘ladi. Mazkur yangi tartib Olmazor tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda ham o‘z isbotini topdi. 

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda Chilonzor tumanida bo‘lib, odamlar bilan muloqot qilish aslida qanday bo‘lishini amalda ko‘rsatib berdi, – deydi Olmazor tumani hokimi Bahodir G‘oyibnazarov. – Bugungi sayyor qabulda murojaatlar bilan ishlashda yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklarimizni to‘la tushundik. Tuman aholisidan qaysi masalada, bu uy-joy yo moddiy yordam, sudlarda ishlar ko‘rilishi, tadbirkorlik yoki bandlik masalasi bo‘ladimi, biz eng quyiga tushib, ularga yechim topishimiz kerak. Mazkur ochiq muloqotda bu boradagi ishlarimiz yetarli emasligi, sustkashlikka va ayrim hollarda beparvolikka yo‘l qo‘yganimiz ochiq-oydin ko‘rinib qoldi. Bu bizga katta saboq bo‘ldi. Endi hududimizdagi barcha bo‘g‘in rahbarlari va xodimlarini safarbar qilib, tumanimiz aholisining haqli talablarini o‘rganish, murojaatlarni hal qilish uchun yanada katta kuch-g‘ayrat bilan ishlaymiz. Boshqacha ishlashga haqqimiz yo‘q, bunga hayotning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi. 

– Bugungi ochiq muloqotda hududimizda hali-hanuz juda ko‘p muammolar borligiga amin bo‘ldik, – deydi Olmazor tumani prokurori Saidkarim Muxtorov. – Bu, avvalo, o‘zimga, tuman prokuraturasining har bir xodimiga bo‘lgan talabni qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Endi mas’uliyat va shaxsiy javobgarlikni yanada oshiramiz, har bir masalada prokurorlik nazoratini kuchaytiramiz. Murojaatlarning qonuniy yechim topishi uchun barcha kuchni safarbar qilamiz. 

– Murojaatlar bilan ishlashda ishchi guruhlar tuzganmiz, ular boshqa mutasaddilar bilan hamkorlikda muayyan ishlarni bajarmoqda, biroq bugun amin bo‘ldikki, hali tumanimizda o‘z yechimini topmagan, qonuniy yechimiga yetib kelinmagan muammolar ko‘p, – deydi Olmazor tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Ravshan Sultonxo‘jayev. – Bunda eng asosiy masalalardan biri – yoshlarni sport, san’at, ilm-fan to‘garaklariga jalb qilish, tadbirkorlikka o‘rgatish, shu asosda chetdan kirib kelayotgan turli ta’sirlar doirasiga tushib qolishining oldini olish. Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha ham hali ancha ishlar qilishimiz kerak. Bugungi sayyor qabulda asosan pasport tizimiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqdik. Ularda ham bir jihat ko‘rindiki, aholi hali qonunchilikdagi yangiliklar, mavjud tartib-qoidalardan to‘la xabardor emas. Demak, huquqiy targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishimiz lozim. Bu borada o‘zimizga tegishli xulosalar oldik. 

– Asosiy vazifamiz – aholi daromadlarini oshirish, soliq bazasini kengaytirish. Bu borada hali quyi bo‘g‘inda qilinadigan ishlar ko‘pligi ham bugungi sayyor qabulda o‘z isbotini topdi, – deydi Olmazor tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ravshan Hamroqulov. – Bu muammolar yechimi yangi korxonalar tashkil etish, aholiga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishida yaqindan ko‘maklashishni taqozo etadi. Chunki kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida o‘z ishini yo‘lga qo‘ygan odam oilasini boqadi, barcha hayotiy muammolarini o‘zi hal qiladi va davlatga soliq to‘lab, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadi. 

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur sayyor qabul ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan asos solingan Xalq qabulxonalari instituti odamlar bilan faol va ochiq muloqot olib borish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashning zamonaviy, samarali va ta’sirchan mexanizmiga aylanganini ko‘rsatdi. Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilsa, aholi o‘z hayotidan mamnun bo‘lsa, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi mustahkamlanadi, muammolar keskin kamayadi, taraqqiyotning yangi ufqlari ochiladi, farovonlik yuksaladi. Zotan, bularga erishmay turib, odamlarni hayotdan rozi qilib bo‘lmaydi. 

 
Umid Yoqubov, O‘zA

Поделиться