O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Murojaatlar tahlili – taraqqiyot omili
2017-04-17 | Jamiyat
Toshkent viloyati aholisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari tomonidan tashkil etilayotgan sayyor qabullarda o‘zlarini qiynayotgan muammolar joyida yechim topayotganidan mamnun bo‘lmoqda.
Angren shahar hokimligida 13-aprel kuni Ohangaron tumani hamda Angren shahri aholisi tomonidan Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga yo‘llangan murojaatlar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari, davlat qo‘mitalari rahbarlari, Toshkent viloyati, Angren shahri va Ohangaron tumani hokimliklari mas’ul xodimlari, fuqarolar ishtirok etgan ochiq muloqotda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni ro‘yobga chiqarishda davlat idoralari rahbarlari, har bir fuqaroning burchi va mas’uliyati nimalardan iborat ekani haqida so‘z yuritildi.
– Joriy yilning 12-apreliga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Angren shahri aholisidan tushgan 4 ming 900 dan ortiq murojaatning 94 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ko‘rib chiqilish jarayonida, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Akmal Isaboyev. – Ohangaron tumani aholisi tomonidan qilingan 3 ming 217 murojaatning 2 ming 909 tasi ko‘rib chiqilgan. Qolganlari o‘rganilmoqda. Murojaatlarni o‘rganish natijalari tahlili mahalliy davlat idoralari mutasaddilari faoliyati samaradorligini oshirish uchun nimalarga ko‘proq e’tibor berish lozim, degan savolga javob bo‘lmoqda. Har ikki hudud fuqarolari ko‘proq uy-joy, ish haqi va pensiya, mehnat va bandlik, moddiy yordam, issiqlik, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti, fuqarolik, pasport va propiska, sud, bank-moliya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va yo‘lovchi tashish, obodonlashtirish kabi masalalar bo‘yicha murojaat qilgan.
Tegishli soha mutasaddilari mavjud muammolarni murojaat etuvchilar ishtirokida ko‘rib chiqib, joyida hal qilishga alohida e’tibor qaratmoqda.
– Ohangaron tumanidagi Chetsuv va Tangatopdi qishloqlarida 3 ming 100 dan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi chetsuvlik Xudoybergan ota To‘laganov. – Tog‘li hududda joylashgan bu qishloqlarda mahallalarni bir biri bilan bog‘laydigan, maktab, bozor va tuman markaziga boradigan yo‘llarda 8 ko‘prik mavjud. Aksariyati ta’mirtalab bo‘lib qolgan bu ko‘priklarni tuzatish, imkoni bo‘lsa, yangidan qurish masalasida murojaat qilgan edim. Bu masala bo‘yicha maxsus komissiya tuzilib, hudud uch kun ichida o‘rganilishi aytildi. Tez kunlarda asosiy yo‘nalishlardagi 2 ko‘prikda ta’mirlash ishlari boshlanadigan bo‘ldi. Barcha qishloqdoshlarim nomidan Prezidentimizga rahmat aytaman.
Angrenlik Dilnoza Turopova joriy o‘quv yilida Olmaliq tibbiyot kollejini tamomlaydi. U fermer xo‘jaligini tashkil etib, Angren shahri hududidagi 4 gektardan ortiq qarovsiz yerda yangi bog‘ yaratish istagi borligini bildirdi.
– Bu masala bo‘yicha shahar hokimligiga bir necha bor murojaat qilib, ijobiy javob ololmayotgan edim, – deydi Dilnoza. – Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga murojaat qilganimdan so‘ng hokimlik fermer xo‘jaligini tashkil etish va yer ajratishda amaliy yordam berishini aytdi. Bundan juda xursandman.
Shu kuni Olmaliq shahridagi «Metallurg» madaniyat saroyida Piskent tumani va Olmaliq shahri aholisi uchun ham sayyor qabul tashkil etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq dardu tashvishi bilan yashash bugungi kunning dolzarb vazifasi sifatida qo‘yilgani, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar vakillari joylarda aholi bilan bevosita muloqotda bo‘layotgani samarasida aholini qiynayotgan muammolar joyida hal etilayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilning 13-aprel kuniga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga Piskent tumani va Olmaliq shahri aholisidan 7 ming 600 ga yaqin murojaat tushgan. Murojaatlarning qiriyb 6 mingtasi Olmaliq shahri aholisidan bo‘lib, bugungi kunda ularning 94 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ijroda. Piskent tumani aholisidan tushgan 1 ming 600 murojaatning 1 ming 428 tasi ko‘rib chiqilgan, 172 murojaat ko‘rib chiqilish jarayonida.
Ochiq muloqotlar mahalliy hokimliklar ish faoliyatiga e’tiborni yanada kuchaytirib, mutasaddi idoralar rahbarlari zimmasidagi mas’uliyatni oshirmoqda. Natijada qaysi sohalarda yechimini kutayotgan muammolar borligi yuzaga chiqayotir.
– Sayyor qabulda murojaatlarning aksariyati turli tashkilot va idoralar hamkorligida hal qilindi, – deydi Olmaliq shahri hokimi Bahrom Mannopov. – Bu hududdagi islohotlar jarayonida va aholini qiynayotgan muammolarni hal qilish davomida o‘zaro hamkorlikni yanada samarali tashkil qilishimiz lozimligini ko‘rsatdi. Bugun murojaatlarni o‘rganish tizimini shahrimiz doirasida qayta ko‘rib chiqib, mahallalarga, har bir xonadonga kirib borish lozimligini yanada chuqur angladik. Bu boradagi kamchiliklarimizga tanqidiy yondashib, ularni tezkorlik bilan bartaraf etamiz.
Olmaliq shahri «Chambil» va «Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi nomidan murojaat qilgan Gulnoza Eshonova hudud aholisi o‘z yashash manzilidagi ichki yo‘llar ta’mirtalab bo‘lib qolgani, qor-yomg‘irli kunlarda farzandlari maktabga borishda qiynalayotganini aytib, masala hal qilib berilishini so‘radi. Joriy yilning iyun-iyul oylari – kunlar isib, yerdagi namgarchilik yo‘qolganida ishlar boshlab yuborilishini eshitgan mahalla faollari Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Piskent tumani Saidobod mahallasida istiqomat qiluvchi Sahobiddin Ziyoviddinov «Mirokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankining tuman filialiga to‘yxona qurish maqsadida garov ta’minoti va foiz stavkasisiz 100 million so‘m mablag‘ so‘rab ariza bergani, bu borada unga bank tomonidan hech qanday amaliy yordam ko‘rsatilmayotganini ta’kidlab, murojaat qildi.
Fuqaro murojaati o‘rganilganda, u mazkur bankdan to‘yxona qurish biznes-rejasini amalga oshirish maqsadida joriy yilning fevral oyida 3-yil muddatga, tegishli imtiyozlari bilan 30 million so‘m kredit olgani, bu mablag‘ning bir qismini maqsadsiz sarf qilgani ma’lum bo‘ldi.
– Avvalo, tadbirkorga bank garov ta’minoti va foiz stavkasisiz kredit ajrata olmasligini, bu borada belgilangan tartib mavjudligini tushuntirdik, – deydi «Mirokreditbank» aksiyadorlik tijotat bankining Piskent tumani filiali raisi Rustam Muqimov. – To‘yxona qurish jarayonida esa barcha ishlarni bankka taqdim etilgan biznes-rejaga muvofiq amalga oshirishi lozimligi uqtirildi.
Fuqarolar murojaatlari har tomonlama tahlil qilinar ekan, ularning yuzaga kelish sabablari ham o‘rganildi. Bu jarayonda ayrim mutasaddi rahbarlar o‘z vazifasiga loqaydlik va mas’uliyatsizlik bilan yondashgani ta’kidlab o‘tildi.
Toshkent viloyatida sayyor qabullar davom etmoqda.