O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
9-aprel kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
2017-04-10 | Jamiyat
Amir Temur – xalqimiz tarixi solnomasidagi najotkor qahramonlardan biri. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ma’naviy tiklanish va yangilanish islohotlarini ulug‘ ajdodlarimizning muborak nomi, boy merosi, xotirasi va tarixiy siymosini tiklash asosiga qurdi. Buning samarasida xalqimiz har yili Sohibqiron tavallud topgan kunni ulug‘ ajdodimiz xotirasiga ehtirom sifatida keng bayram qilmoqda.
An’anaga ko‘ra 9-aprel kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda parlament a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi Nozim Habibullayev, tarix fanlari doktori Shohista O‘ljayeva, publitsist Baxtiyor Haydarov va boshqalar Amir Temur nafaqat o‘z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, balki o‘z vaqtida Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatib, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk bunyodkor bo‘lganini ta’kidladi. Yevroosiyo hududida ulkan saltanat barpo qilgan Amir Temur shaxsi va faoliyatiga qiziqish xalqaro maydonda tobora ortib bormoqda.
Bu benazir zotning qanday zamin va tarixiy sharoitda o‘sib-ulg‘aygani, qay tariqa shunday yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgani, davlat arbobi, yengilmas sarkarda va inson sifatidagi fazilatlari, ichki dunyosi va kechinmalari haqida sharq va g‘arb tillarida bir yarim mingdan ortiq asar bitilgan. Bugun dunyoning qariyb 50 mamlakatida temurshunos olimlar ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Amir Temur fenomenini anglash, xolis va haqqoniy yoritishga faqat mustaqillik tufayli keng yo‘l ochildi: 1996-yil mamlakatimizda Amir Temur yili bo‘ldi, Sohibqiron tavalludining 660-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi, Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida muhtasham haykallari qad rostladi. Ulug‘ bobomiz sharafiga orden ta’sis etildi. 2011-yili Islom Karimov taklifi va so‘zboshisi bilan “Temur tuzuklari” asari mukammal holda, yuksak sifat bilan yangidan chop etildi.
Bugun mamlakatimizda katta g‘ayrat-shijoat bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Amir Temur bobomizning dunyoqarashi va tutumlariga mohiyatan uyg‘undir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 14-dekabrda Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida «Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning: «Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin!» degan chuqur ma’noli so‘zlari har birimiz uchun hayotiy e’tiqodga aylanishi zarur», degan ezgu da’vati ulug‘ ajdodimiz xotirasiga ko‘rsatilayotgan ulkan ehtiromning bardavomligidan dalolat.
Amir Temur Oqsaroy peshtoqining old tomonida «Adolat – davlat asosi va hukmdorlarning shioridir», degan yozuvni yozdirgan, bu hikmatga, avvalo, o‘zi amal qilgan. Bugun mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish va murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizimga asos solingani o‘zbek davlatchilik maktabiga mansub adolatparvarlik, haqiqatni ta’minlash borasidagi ana shunday buyuk an’analarning mantiqiy davomi bo‘lmoqda.
Shu kunlarda Xalq qabulxonalariga kiraverishda davlatimiz rahbarining «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», degan hayotbaxsh so‘zlariga ko‘zingiz tushadi. Prezidentimiz barchaga o‘rnak ko‘rsatib, chekka qishloq va ovullargacha kirib borib, yuzaga kelgan real vaziyat, aholining turmush sharoiti bilan yaqindan tanishmoqda, muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar bermoqda. Bugun parlament a’zolari, davlat organlari rahbarlari va mas’ul xodimlari ham joylarga chiqib, asl holatni o‘rganmoqda, o‘z faoliyatini tahliliy-tanqidiy ko‘rib chiqmoqda. Barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining xalq oldida hisobot berish tizimi joriy etildi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari o‘zbek va ingliz tillarida amerikalik mashhur shoir Edgar Allan Poning “Buyuk Temur” dostonidan parcha o‘qidi. Talabalar Amir Temur va temuriylar davridagi liboslarni namoyish qildi.
Buyuk Sohibqiron haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov ishtirok etdi.