O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurtni madh etmoq baxti
2015-02-27 | Jamiyat
Samarqandda "Nima qildik Vatan uchun?" shiori ostida ijodiy festival bo'lib o'tdi.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi "O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori ijrosi doirasida O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, "O'zbeknavo" estrada birlashmasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda madaniyat va san'at namoyandalari, taniqli shoir va yozuvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Festivalda mamlakatimizda o'sib kelayotgan yosh avlodning zamon talablari darajasida ta'lim-tarbiya olishi va kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani, yoshlarning iqtidorini ro'yobga chiqarish va qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Buning samarasida yurtimiz yoshlari ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida nufuzli xalqaro tanlovlar, yirik sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
– Davlatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlikka javoban biz, yoshlar ham Vatanimiz taraqqiyotiga o'z hissamizni qo'shishimiz lozim, – deydi O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan artist Alisher Turdiyev. – Shuning uchun ham mamlakatimiz bo'ylab o'tkazilayotgan mazkur festival "Nima qildik Vatan uchun?" deb nomlandi. Har birimiz bu savolga munosib javob bera olsak, albatta, jonajon yurtimiz bundan-da obod, xalqimiz turmushi yanada farovon bo'ladi.
Poytaxtdan kelgan va samarqandlik taniqli san'atkorlar, yosh ijrochilarning istiqlol, Vatan, do'stlik va yoshlik tarannum etilgan qo'shiqlari barchaga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi.