O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bojxonada interaktiv xizmatlar – tadbirkorlar uchun tayanch

2017-03-29 | Texnologiyalar

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2017 yilning I yarim yilligi uchun “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga muvofiq ommaviy axborot vositalari uchun “Bojxonada interaktiv xizmatlar – tadbirkorlar uchun tayanch” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda jurnalistlarga Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish boshqarmasi boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi A.Saidov mavzu yuzasidan ma’ruza qildi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2016-yil 5-oktyabrdagi PF-4848-son Farmoni hamda ushbu Farmon bilan tasdiklangan kompleks chora-tadbirlar dasturi bojxona sohasida tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlari ko‘lami va sifatini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Bugungi kunga kelib bojxona organlari faoliyatiga jami 35 ta avtomatlashtirilgan axborot tizimlari joriy etilgan, shundan 22 tasi davlat axborot tizimi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Tadbirkorlik subyektlariga bojxona rasmiylashtiruviga doir bir qator yengillik va qulayliklar yaratish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan hozirda 22 turdagi interaktiv xizmatlar amaliyotga joriy etilgan.

Ushbu interaktiv xizmatlar vaqtni tejash, qog‘oz xarajatlarini kamaytirish, bojxona organlariga bormasdan o‘z ish joylaridan internet orqali kerakli ma’lumotlarni olish hamda rasmiylashtirish kabi bir qator qulayliklar yaratib kelmoqda.

Uch yildan oshdi-ki, respublikamizda tadbirkorlar tomonidan “Tovarlarni elektron deklaratsiya qilish” interaktiv xizmati orqali tovar va transport vositalariga oid hujjatlar hamda hisobotlarni bojxona organlariga masofadan turib elektron taqdim etish va rasmiylashtirish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu xizmat joriy qilingan 2014 yilning o‘zidayoq 98,7% bojxona yuk deklaratsiyalari elektron shaklda rasmiylashtirildi. So‘nggi 2 yilda esa bu ko‘rsatkich 99, 9 % ni tashkil qilib kelmoqda.

Buning natijasida tadbirkorlik subyektlarining harajatlari va vaqti tejalishiga erishildi. Xususan, BYUDni elektron tarzda taqdim etish hamda qog‘oz ko‘rinishida deklaratsiyalash amaliyoti to‘xtalishi natijasida har yili bojxona yuk deklaratsiyalarining qog‘oz blankalari uchun sarflangan salkam 1,3 mlrd. so‘m miqdoridagi xarajatlar tadbirkor ixtiyorida qolmoqda.

Shuningdek, bojxona yuk deklaratsiyasiga ilova xujjatlarini (invoys, nakladnoy, kontrakt va boshqalar) elektron shaklda taqdim etish natijasida har yili tadbirkorlar tomonidan 60 tonnaga yaqin qog‘oz iqtisod qilinmoqda. Eng muhimi esa tovarlarnig bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflangan vaqt 4,7 martaga qisqargan.

Eng ommalashgan interaktiv xizmat turlaridan biri, bu tadbirkorlik faoliyati subyektlari tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha ma’lumotlarni elektron shaklda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali, elektron raqamli imzodan foydalangan holda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona eletron axborot tizimi orqali ro‘yhatdan o‘tkazishdir.

Ushbu xizmat orqali endilikda tadbirkorlar shartnoma va boshqa tegishli hujjatlarni bojxona postiga qog‘oz ko‘rinishida olib kelishlariga hojat qolmadi. 2016-yilda esa jami shartnomalarning 99,9 foizi ya’ni 106 mingdan ortiq shartnoma va ularga qo‘shimcha bitimlar elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Joriy yilning 1-choragida esa bu ko‘rsatkich 30 mingga yetdi.

Yana bir yangilik shunda-ki, joriy yilning mart oyidan boshlab, tashqi savdo shartnomalarini elektron shaklga o‘tkazish uchun mo‘ljallangan E-KONTRAKT 2 dasturiy ta’minotining yangi versiyasi ishlab chiqilib, ishga tushirildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini qisqartirish maqsadida ishga tushirilgan mazkur yangi dasturiy ta’minotda shartnomalar ijrosi bo‘yicha barcha ma’lumotlarni, shu jumladan bank tomonidan kiritilgan ma’lumotlar va BYUD bo‘yicha ma’lumotlarni bojxonaga murojaat etmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari internet orqali olish imkoniyati ishlab chiqildi. Mazkur elektron xizmat tadbirkorlar tomonidan yaxshi kutib olindi, o‘tgan bir oygina vaqt ichida ushbu xizmatdan 541 ta tadbirkor foydalangan va ular bojxonaga murojaat etmasdan bevosita elektron shaklda olishga erishdilar.

“Bojxona to‘lovlari bo‘yicha solishtiruv dalolatnomasini shakllantirish” interaktiv xizmati TIF qatnashchilariga bojxona to‘lovlari bo‘yicha solishtirma dalolatnomalarini o‘z ish joylarida o‘tirib bojxona organlariga tashrif buyurmasdan, ortiqcha qog‘oz xarajatlari va vaqtlarini sarf qilmasdan, on-layn tarzda real vaqt maboynida PDF formatida yuklab olish imkoniyatini beradi. Ushbu interaktiv xizmat TIF qatnashchilariga qo‘shimcha qulayliklar yaratib, 2015-yilda 8 mingdan ortiq, 2016 yilda 16 mingdan ortiq, joriy yilning 1-choragida esa 5 mingdan ortiq tadbirkor bojxona organlari eshigida navbat kutishdan qutulib, elektron tarzda dalolatnomalarni olishgan.

Ma’lumki bugungi kunda tovarlarni rasmiylashtirishda sarflanadigan mablag‘lar haqidagi murojaatlar bojxona organlariga kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyat qismini tashkil etmoqda. Shu munosabat bilan, fuqarolarga yengillik yaratish va ulraga rasmiylashtiruvga doir sarflanadigan mablag‘larni taxminiy xisoblab berlishini ta’minlash maqsadida joriy yildan boshlab DBQning rasmiy veb-saytida “Bojxona kalkulyatori” intreraktiv xizmati amaliyotga joriy etildi.

Mazkur xizmatda bojxonada rasmiylashtirilishi rejalashtirilgan tovarning bojxona stavkalari va to‘lanishi lozim bo‘lgan qiymatini xar bir fuqaro o‘z uyida yoki ofisda o‘tirgan holda internet tarmog‘i orqali ma’lumot olishi mumkin. Ushbu xizmat ishga tushirilgandan boshlab bugungi kunga qadar 1100 dan ortiq foydalunvchilar o‘zlariga kerakli ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Joriy yilda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulayliklar yaratish va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining shaffofligini ta’minlash yo‘nalishida yana 2 ta yangi xizmat amaliyotga joriy etildi. Bular “Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish” hamda “Bojxona brokeriga tartib raqamini biriktirish” interaktiv xizmatlaridir.

Endilikda bojxona chegarasini kesib o‘tishni rejalashtirishgan fuqaro oldindan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirib bojxona organiga taqdim etishi yo‘lga qo‘yildi. Bu xizmatdan foydalangan shaxslarning bojxona chegarasidan o‘tishga va u yerda navbatda turib deklaratsiyani to‘ldirishga ketadigan vaqtiga barxam beriladi.

2016-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi tovarlarni rasmiylashtirish uchun ruhsatnoma olishga doir 7 turdagi interaktiv xizmatlar orqali jami 6,6 mingdan ortiq ruhsatnomalar elektron tarzda berilgan bo‘lib, bu jami berilgan ruhsatnomalarni 45,3%ni tashkil etdi.

2016-yilda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulayliklar yaratish va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bojxona organlari tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘shimcha 10 ta yangi xizmati joriy qilindi.

Bugungi kunda bojxona organlarining interaktiv xizmatlarining reytingi hamda undan foydalanuvchilar soni keskin ortib bormoqda. Xususan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmatlar reytingida oxirgi 3 oy davomida Davlat bojxona qo‘mitasining 5 ta interaktiv xizmati birinchi 10 talikdan o‘rin olgan. Xususan, ulardan 2 tasi 1- va 2-o‘rinlarda va keyingisi 4, 7 va 8- o‘rinlarni egallab turibdi.

2016-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kelib tushgan 540 mingdan ortiq murojaatlarning salkam 370 mingtasi ya’ni 68 % ini aynan bojxonaga doir interaktiv xizmatlari orqali kelib tushgan murojaatlar tashkil etdi.

Tadbirda bu yo‘nalishda kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan reja va loyihalar yuzasidan ham axborotlar berildi. Anjuman davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Поделиться