O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining amaliy ifodasi

2017-03-27 | Siyosat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. 

Istiqlolning har bir yili ulug‘ bunyodkorlik ishlari, mamlakatimizning har tomonlama yuksalish dovonlari bilan mustaqil Vatanimiz tarixiga zarhal harflar bilan bitilmoqda. Go‘zal poytaxtimiz Toshkent ham tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, uzoqni o‘ylab tuzilgan reja asosida izchil rivojlanib, zamonaviy megapolisga aylanmoqda. Muhtasham inshootlar, turar joylar, ijtimoiy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar, so‘lim bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida poytaxtimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy shaharsozlik namunalari asosida barpo etilgan ko‘plab inshootlar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Yangi turar joylar, ijtimoiy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar shahar ahli va mehmonlariga keng qulaylik yaratayotir. 

Bunday ezgu ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan zamon talabiga rioya qilgan holda izchillik bilan, tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Poytaxtimizda aholi uchun yanada keng qulayliklar yaratish, transport harakatini tartibga solish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. 

Mamlakatimizda, ayniqsa, poytaxtimizda transport vositalari ko‘payib bormoqda. Bu odamlarimizning turmush darajasi yuksalayotgani, yurtimiz yildan-yilga farovonlashayotganining isbotidir. Zero, keng ko‘lamli islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham aholi turmush darajasini oshirish, inson manfaatlarini to‘la ta’minlashdir. 
 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 3-fevral kuni Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan chorrahadagi ko‘prik qurilishi bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan edi. 

Davlatimiz rahbari 25-mart kuni qurib bitkazilgan mazkur ko‘prikni borib ko‘rdi. 

Umumiy uzunligi 900, balandligi 6, kengligi 24 metr bo‘lgan 6 polosali mazkur ko‘prik haydovchilar va piyodalarga bir qancha qulayliklar yaratadi. 

Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan chorrahada transport tig‘izligi avtomobillar va piyodalarga noqulaylik tug‘dirardi. Yangi bunyod etilgan ko‘prik bu muammolarga barham berish bilan birga, avtomobillar harakatining uzluksizligini va xavfsizligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasi quruvchilari tomonidan qurib bitkazilgan ko‘prikning ikki tomonida piyodalar uchun yer usti o‘tish yo‘lagi barpo etilgan. Yog‘in-sochinli kunlarda himoyalanish moslamalari o‘rnatilgan. 

Shahar qiyofasining o‘zgarishida ko‘priklarning o‘rni katta. Ekologiya nuqtai nazaridan ham bu muhim ahamiyatga ega. Avtomobil yonilg‘isining ko‘p ishlatilishi atrof-muhit musaffoligiga salbiy ta’sir qiladi. Bir joyda transport tig‘izligi yuz bersa, boshqa joyga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘priklar ana shu muammolarni bartaraf etishda muhim o‘rin tutadi. 

Prezidentimiz yangi ko‘prikning mohiyatiga alohida to‘xtaldi. Bu kabi bunyodkorlik ishlari aholiga yanada qulaylik yaratish, turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyatga egaligini qayd etdi. 

Shavkat Mirziyoyev Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishgan chorrahada qurilishi rejalashtirilgan ko‘prik loyihasi bilan ham tanishib, o‘z tavsiyalarini berdi. 

Davlatimiz rahbari Kichik xalqa yo‘li va Farg‘ona yo‘li ko‘chasi kesishgan joydagi yo‘l o‘tkazgichni qurish hamda rekonstruksiya qilish loyihasini ko‘zdan kechirdi. 

Ko‘prikning eni 30, uzunligi 346 metr bo‘lgan qismi rekonstruksiya qilinadi. Eni 22, uzunligi 281 metr bo‘lgan qismi yangidan quriladi. Ikki tomonida piyodalar yo‘lakchalari quriladi. Bu haydovchi va yo‘lovchilarga qulaylik yaratish barobarida harakat xavfsizligini ta’minlash darajasini ham oshiradi. 
 

Prezidentimiz zamonaviy ko‘priklar qurish, yo‘llarni zamon talablariga moslashtirish aholiga qulaylik yaratish, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Ko‘prik ostidan o‘tuvchi temir yo‘l atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

 


Mamlakatimizda mustaqillik yillarida keng va ravon yo‘llar, zamonaviy yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar qurish bo‘yicha ulkan tajriba to‘plandi. Ayniqsa, poytaxtimizda bunyod etilayotgan yangi ko‘priklar transport vositalarining harakatlanishi uchun qulay imkoniyat yaratish bilan birga, shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirib, aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Yunusobod tumanidagi Bog‘ishamol va Yangi shahar ko‘chalarini tutashtirgan yangi ko‘prik mazkur sohadagi uzoqni ko‘zlab, izchil amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. 
 
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu ko‘prikni borib ko‘rdi.

Bo‘zsuv kanali ustidan qurilgan yangi ko‘prik Toshkent halqa yo‘li va Amir Temur shohko‘chasida tirbandlikni kamaytirish, haydovchi va yo‘lovchilar ortiqcha vaqt va mablag‘ yo‘qotishining oldini olish, atrof-muhit musaffoligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. 

Uzunligi 423, balandligi 5,5, eni 33 metr bo‘lgan 8 polosali ushbu ko‘prik “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasining 67-ko‘prik qurilish bo‘linmasi bunyodkorlari tomonidan olti oyda qurib bitkazildi. 

Ko‘prikning ikki tomonida piyodalarga qulaylik yaratish maqsadida 2 metrli yo‘lak barpo etilib, uning chetiga to‘siq o‘rnatildi. 

Prezidentimiz bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, yo‘lsoz va quruvchilarning mehnatiga yuksak baho berdi. Yangi ko‘prikning Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarini bog‘lashdagi ahamiyati katta ekanini ta’kidladi. Ilgari ushbu tumanlardan bir-biriga avtomobilda 17-18 kilometr yo‘l bosib borilgan bo‘lsa, yangi ko‘prik foydalanishga topshirilgach, odamlarning uzog‘i yaqin bo‘ldi. 

Bunday keng ko‘lamli va ezgu ishlar tufayli poytaxtimiz yo‘llarining xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi tubdan yaxshilanmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev. Mazkur yangi ko‘prik avtomobillarning o‘tish imkoniyatlarini bir necha marta oshirish barobarida ikki tuman aholisi uchun ham katta qulayliklar yaratadi. Mana shunday zamonaviy ko‘prikni qisqa muddatda barpo etganimiz mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, xalqimiz bunyodkorlik salohiyati naqadar yuksalganining yorqin tasdig‘idir. 

Davlatimiz rahbari yo‘l va ko‘prik atrofini obodonlashtirish, aholi va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun barcha zarur imkoniyatlarni yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. 

Shu yerda Toshkent shahrida 2017-2030-yillarda yo‘l va ko‘priklar qurish hamda rekonstruksiya qilish rejasi ham muhokama etildi. Unga ko‘ra, poytaxtimizda avtomobillar qatnovini tartibga solish maqsadida 93 kilometr yangi yo‘llar qurilib, mavjud 140 kilometr yo‘l rekonstruksiya qilinadi. Bunday bunyodkorlik ishlari natijasida iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilma rivojlanib, poytaxtimizda yashash uchun qulayliklar ortib boradi. 

Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi sobiq Toshkent motor zavodiga tashrif buyurdi. 

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda ishbilarmonlik harakatini jadal rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyozlar yaratilmoqda. 
 

Bektemir tumanidagi motor zavodining umumiy yer maydoni 5 gektar, bino va inshootlar maydoni 3 gektar. Hozir foydalanilmayotgan ushbu hududda ishlab chiqarishni tashkil etish uchun yaxshi imkoniyat, zarur infratuzilma bor. 

Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq zavod binolari korxona va tadbirkorlarga imtiyozli tarzda ijaraga berilmoqda. To‘lovlar boshqa joylardagiga nisbatan bir necha barobar arzonlashtirilgan. Bunday imtiyozlar tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev zavod binolarini ishbilarmon va tadbirkorlarga bo‘lib berish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Korxonalarga qulaylik yaratish maqsadida bu yerda "yagona darcha" markazi, minibanklar va boshqa xizmatlar tashkil etiladi. Milliy bank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashadi. 

Davlatimiz rahbariga Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy loyihalar haqida ham so‘zlab berildi. 

Har bir tumanda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ular asosida kam ta’minlangan oilalarni tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqilgan. 

Oilalarga kirib borish, odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirish lozim. Odamlarning daromadi ko‘paysa, to‘lov qobiliyati ham yuqori bo‘ladi, mahalliy byudjetlarga pul mablag‘i ko‘proq tushadi. Hokimliklarda turli ijtimoiy obyektlar qurish imkoniyati kengayadi, yurtimizga yanada baraka kiradi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Shu yerning o‘zida Toshkent shahrida tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalari va istirohat bog‘lari loyihalari ham namoyish etildi. 

Yunusobod, Sergeli va Yakkasaroy tumanlarida 3 texnopark tashkil etilgan bo‘lib, ular mavjud bino va quvvatlardan samarali foydalanish, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda. 

Shunday imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida poytaxtimizda yana 6 kichik sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan. Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Chilonzor, Mirobod, Bektemir tumanlaridagi mavjud inshootlarni rekonstruksiya qilish va yangidan qurish asosida tuziladigan bu zonalarda turli sanoat korxonalari, kichik biznes subyektlari faoliyat yuritadi. 

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 24-noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvida 2017-yilda poytaxtimizda yangi madaniyat va istirohat bog‘lari barpo etilishini ta’kidlagan edi. 

– Bugungi kunda bu borada jadal ishlar olib borilmoqda, – deydi Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Nozim Husanov. – Bog‘larning har biri o‘ziga xos ko‘rinish va yo‘nalishga ega bo‘ladi. Shayxontohur tumani Beltepa ko‘chasida ko‘p funksional bolalar istirohat bog‘i, Uchtepa tumanida Foziltepa va Farhod ko‘chalari kesishgan joyda Osiyo botanika bog‘i shaklidagi ko‘ngilochar park, Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasida sog‘lomlashtirish akvaparki, Mirzo Ulug‘bek tumanida Hamid Olimjon va Mahatma Gandi ko‘chalari chorrahasida estetik istirohat bog‘i, Mirobod tumanida Nukus va Oybek ko‘chalari kesishuvida salomatlik va sport bog‘i, Sergeli tumani Do‘stlik mavzesida multimediyaviy favvorali madaniyat va istirohat bog‘i tashkil etiladi. Bu parklarning jami yer maydoni 45 gektarga yetadi. Ularga 110 attraksion o‘rnatiladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan bu madaniyat va istirohat bog‘lari poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, shahar aholisi va mehmonlarining dam olishi uchun yanada qulaylik yaratadi. 

Tijorat banklari ko‘magida poytaxtimizda dori-darmonlar, qandolatchilik mahsulotlari, qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarish, metallni qayta ishlash, tibbiyot va ko‘ngilochar maskanlar tashkil etish rejalashtirilgan. 

Milliy bank tomonidan «Toshkent qog‘ozi» mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida 6 farmatsevtika korxonasi tashkil etiladi. Ularda ishlab chiqariladigan mahsulotlar 18,8 million dollarlik import o‘rnini qoplab, 6 million dollar eksport qilinadi. Jami 430 ish o‘rni yaratiladi. 

«Toshkent mexanika zavodi» aksiyadorlik jamiyati hududida po‘lat quvurlar, metall konstruksiyalar, issiqxona konstruksiyalari, temir eshiklar, burama mixlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu jami 7,35 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 390 kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi. 

Mirzo Ulug‘bek tumanida pishloq, brinza, tvorog va boshqa sut mahsulotlari, Shayxontohur tumanida eksportbop shokolad va boshqa qandolat mahsulotlari tayyorlash, Yunusobod tumanida shishakristalit tovarlar ishlab chiqarish korxonalari tashkil etiladi. 

«O‘zsanoatqurilishbank» tomonidan Yashnobod tumanida eksportga mo‘ljallangan gulqog‘ozlar, Olmazor tumanida import o‘rnini bosuvchi infuzion qorishmalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu korxonalarda 200 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Shayxontohur tumanidagi «Anhor lokomotiv» parki zamonaviy qilib kengaytirilmoqda. 

«Ipoteka-bank»ning moliyaviy ko‘magida Olmazor tumanida keramik plitalar, Uchtepa tumanida temir oksidli pigment ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ularda jami 230 ish o‘rni yaratish, mahsulotlarni eksport qilish mo‘ljallangan. 

«Aloqabank» tomonidan sobiq «Nukus» kinoteatri binosida savdo va ko‘ngilochar markaz, Yakkasaroy tumanida tibbiy diagnostika va sog‘lomlashtirish markazi tashkil etish, Mirobod tumanida mebel ishlab chiqarishni kengaytirish loyihalari amalga oshirilmoqda. 

«Asaka» bank kreditlari evaziga Olmazor tumanida qon tozalovchi filtrlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Mirzo Ulug‘bek tumanida kakao loviyasini qayta ishlash va qandolat mahsulotlari tayyorlash korxonasi tashkil etiladi. Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar bilan tanishib, ularning har biri bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanidagi Uvaysiy nomidagi mahallada bo‘lib, bu yerda fuqarolar yig‘ini xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishdi. 

Mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarishning chinakam xalqona instituti sifatida jamiyatimizda mustahkam o‘rin egallagan. Bu xalq bilan muloqot qilish va inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ezgu vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. 

Davlatimiz tomonidan mahallalar o‘z zimmasidagi vazifalarni samarali bajarishi uchun huquqiy asoslar bilan birga, yetarli shart-sharoitlar ham yaratilmoqda. Uvaysiy nomidagi mahallaning yangidan bunyod etilgan markazi bu boradagi ishlarga yorqin misoldir. 

Mahalla hududida asosan ko‘p qavatli uylar joylashgan. Ushbu turar joylarda yashaydigan 5 ming 400 dan ortiq aholi orasida turli millat vakillari bor. Yangi mahalla markazi odamlarni o‘zaro yaqinlashtirishga, xalqimizga xos do‘stlik, hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. 

Markazda mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar qurilgan, ular zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mebellar, tegishli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Profilaktika inspektori xonasi mahalla hududidagi jamoat obyektlariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalari orqali hududni nazorat qilib turish imkoniyatini beruvchi monitor bilan jihozlangan. 

Davlatimiz rahbari profilaktika inspektori mahalladagi har bir xonadon bilan yaqin muloqot o‘rnatishi, ko‘chalar va jamoat joylarini qat’iy nazoratga olishi zarurligini ta’kidladi. Odamlar ishga ketayotganda ham, ishdan qaytayotganda ham mahallasida profilaktika inspektori va posbonlarni ko‘rsa, ko‘ngli tinch-xotirjam bo‘ladi. 

Profilaktika inspektorlarini xizmat uylari, imtiyozli kreditlar hisobiga mashinalar bilan ta’minlash, ularning yashashi va samarali ishlashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. 

Markazda barpo etilgan turli kitoblar, komputerlar va internet, minglab elektron adabiyotlar bazasiga ega kutubxona aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng yoyishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy choyxona, novvoyxona, "Go‘zallik salonlari", do‘konlar, sport va bolalar maydonchalari odamlarning zarur ehtiyojlarini qondirish bilan birga, hududdagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. 

Mahalla ahli bir oila kabi ishonchli, mustahkam rishtalar bilan o‘zaro uzviy bog‘lanishi kerak, dedi Prezidentimiz. Buning uchun mahalla faollari, profilaktika inspektori har bir oila ahvolidan, quvonchu tashvishidan doimo xabardor bo‘lishi, o‘zaro ahillik va hamjihatlik targ‘ibotchisiga aylanishi lozim. Shundagina odamlar mahallaga kelib o‘z fikrini, taklifini, dardini bemalol aytadi, muammosiga yechim topadi. 

Mamlakatimiz, avvalo, poytaxtimizning barcha hududlarida mana shunday mahalla markazlari bunyod etish, aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish, profilaktika inspektorlariga jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, fuqarolar osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Поделиться