O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijonda sportchi qizlarga Prezident sovg‘alari topshirildi
2017-03-25 | Sport
Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar gimnastika maktabida sportchi qizlarga Prezident sovg‘asi – sport liboslari topshirildi.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali vakillari, yosh sportchi qizlar va ularning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda sport, xususan, bolalar sportini rivojlantirish, iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Navro‘zi ayyom nishonlanayotgan shu kunlarda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan 15 ming 650 o‘quvchisiga 463 million so‘mlik sport kiyimlari topshirildi, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Andijon viloyati filiali rahbari Ne’matullo Abdurahmonov. – Bunday e’tibor ularni sportda yuksak marralarga erishishga undaydi.
Tadbirda 300 dan ziyod sportchi qizga Prezident sovg‘asi – sport liboslari topshirildi.
Prezident sovg‘alarini topshirishga bag‘ishlangan tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tdi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA