O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

«Turkiston» saroyida «Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punktlari» ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

2017-03-25 | Jamiyat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida keyingi vaqtlarda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. 

Bunda mamlakatimizda tashkil etilgan ichki ishlar organlari profilaktika xizmatining alohida o‘rni bor. Mazkur soha rivojida tizimda an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan «Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punktlari» ko‘rik-tanlovining ahamiyati beqiyos. 

«Turkiston» saroyida bo‘lib o‘tgan mazkur ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichida bu alohida qayd etildi. 

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, ichki ishlar vaziri A.Azizov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida xavfsizlik, osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash vazifalariga ustuvor ahamiyat berilayotganini alohida ta’kidladi. Bu jarayonda ichki ishlar organlarining profilaktika xizmati takomillashib, aholiga yaqin, xalqchil tuzilmaga aylanayotir. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan haftaning payshanba kunlari profilaktika kuni, deb e’lon qilingani sohadagi ishlar samaradorligi yanada oshishiga yo‘l ochdi. Sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari, oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotgani aholini hushyorlik va ogohlikka chorlamoqda. O‘quv muassasalarida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar samarasida yoshlar to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘imasligining ta’sirchan choralari ko‘rilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasining yaqinda kuchga kirgan “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni soha faoliyatini tartibga soladigan qonunchilik bazasini mustahkamladi. Mazkur qonun nafaqat ichki ishlar organlari faoliyatiga oid muhim huquqiy asos, balki fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish samaradorligi oshishiga puxta zamin yaratdi. Jamiyatda qonun ustuvorligi, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashda, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasida yangi bosqichni boshlab berdi. 

Ichki ishlar organlarida profilaktika xizmati takomillashtirilishi barobarida tizim xodimlari ish yuritadigan infratuzilma zamon talabiga mos rivojlanib bormoqda. Ayni paytda 3 ming 810 dan ziyod tayanch punktida profilaktika inspektorlari jamoatchilik vakillari – mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, xotin-qizlar kengashi, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, mahalla posbonlari bilan bir binoda faoliyat yuritayotir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga yanada yaqinlashish, uning dardu tashvishlaridan doimo ogoh bo‘lish va zarur paytda tegishli yordam berish, uchrayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etishdir. 75,6 foiz tayanch punktlari atrofida fakultativ to‘garaklar, 78 foizining atrofida kichik biznes shoxobchalari, 83,6 foizida sport maydonchalari barpo etilgani yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni foydali ishlarga yo‘naltirishga xizmat qilmoqda. 

Ko‘rik-tanlov jarayonida ishtirokchilar faoliyatining ana shu jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Tanlovning mamlakat bosqichida ichki ishlar organlarining 14 tayanch punkti o‘zaro bahslashdi. 

Samarqand viloyatining Payariq tumani Alisher Navoiy nomidagi mahalladagi 199-tayanch punkti, Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahri Go‘ravval mahallasidagi 79-tayanch punkti, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahar Gulshan mahallasidagi 20-tayanch punkti, Jizzax viloyatining Jizzax tumani Qahramon mahallasidagi 38-tayanch punkti g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 

G‘oliblar diplom va «Matiz» avtomobillari bilan taqdirlandi. 

Tanlovda ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari hamda «Eng mahoratli profilaktika inspektori», «Yosh avlod himoyachisi», «Eng obod va osoyishta mahalla raisi», «Fidoyi mahalla posboni», «Ma’rifatparvar maslahatchi» kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham sovrindorlar aniqlandi va taqdirlandi. 

– Prezidentimizning profilaktika xizmatini yanada takomillashtirishga qaratayotgan e’tibori zimmamizga alohida mas’uliyat yuklamoqda, – deydi Samarqand viloyatining Payariq tumani Alisher Navoiy nomidagi mahalladagi 199-tayanch punkti profilaktika inspektori Asliddin Murodov. – Ayniqsa, profilaktika kunlari o‘tkazilayotgani mahallamizdagi muhitni yanada sog‘lomlashtirib, barqarorlashtirmoqda. "Davomat" tadbiri muntazam o‘tkazilayotgani mahallamizdagi kollej va maktabda o‘quvchilarni yuz foiz darsga jalb etish imkonini yaratdi. 

Tadbirga taniqli san’atkorlar, Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyi ashula va raqs ansamblining chiqishlari o‘zgacha fayz bag‘ishladi. 

 

Norgul Abduraimova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA 

Поделиться