O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Isroil Prezidentlari bir-birlarini qutladilar
2017-03-24 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi bilan Isroil Davlati o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan Isroil Prezidenti Reuvin Rivlin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo‘llagan. Unda, jumladan, «O‘tgan 25 yil davomida mamalakatlarimiz o‘rtasida shakllangan yaxshi munosabatlar Bizni Isroilda juda quvontiradi va faxrlantiradi. Isroil do‘st mamlakat O‘zbekistonni qator sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha o‘zining muhim sherigi hisoblaydi. Ushbu hamkorlik mamlakatlarimizga ulkan foyda keltiradi deb hisoblayman», – deyiladi.
Isroil Prezidenti ikki mamlakat o‘rtasida «madaniy va siyosiy aloqalarning ahamiyatli va samimiy ko‘prigi» shakllanishida O‘zbekistondagi Buxoro, Samarqand va Toshkent, shuningdek mamlakatimizda istiqomat qilgan va hozirda Isroil fuqarosi hisoblanadigan yahudiy jamoalarining uzoq va boy tarixi rolini alohida e’tirof etdi.
Reuven Rivlin O‘zbekiston Prezidentini «ikki tomonni ham tashvishga soladigan va qiziqtirgan masalalarni muhokama qilish hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar va hamkorlikni yanada mustahkamlash» uchun Isroilga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktubida «Biz o‘zbek xalqiga samimiy va chuqur hurmat hissini saqlab kelayotgan asli O‘zbekistondan chiqqan va Isroilda yashayotgan kishilarning bizning mamlakat bilan aloqalarni uzmay kelayotganlarini hamda ikki tomonlama hamkorlikni izchil mustahkamlashga ko‘maklashayotganlarini yuqori baholaymiz», – deyiladi.
O‘zbekiston Prezidenti «25 yil davomida tomonlarning izchil sa’y-harakatlari natijasida o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan uzoq muddatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga erishilganidan» mamnunligini izhor etdi.
Davlatimiz rahbari «doimiy va samarali siyosiy muloqotni rivojlantirish, tabiiy boyliklarni tejaydigan va energetik jihatdan samarador texnologiyalarni joriy qilish, meva va sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat tarmoqlari, tibbiyot va farmatsevtika, turizm sohalaridagi va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lidagi ikki tomonlama munosabatlarimizni mustahkamlashga ko‘maklashadi», – deb qayd etdi.