O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Saylov uchastkalarida ish qizg‘in

2015-02-25 | Jamiyat

Mamlakatimizda xalqaro mezonlarga mos milliy saylov tizimi yaratilgani fuqarolarning o'z xohish-irodasini erkin bildirib, huquqiy demokratik jamiyat qurilishida bevosita ishtirok etishida yuksak samaralar bermoqda.

Ayni paytda yurtimizda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarida ushbu muhim siyosiy-ijtimoiy tadbirga alohida tayyorgarlik ko'rish jarayonida fuqarolar uchun barcha qulayliklar yaratilayotgani bunga yaqqol misoldir.

Surxondaryo viloyatida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 708 saylov uchastkasi tuzilgan. Ularning barchasida joriy yilning 29-mart kuni bo'lib o'tadigan saylovga hozirlik ishlari qizg'in pallaga kirdi.

– Saylov uchastkalari saylovchilarning xohish-irodasini erkin, mustaqil bildirishi va saylovni ochiq-oshkora o'tkazishning muhim bo'g'inidir, – deydi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi A.Ahmedov. – Milliy qonunchiligimizga muvofiq, uchastka saylov komissiyasi a'zolarini shakllantirishda obro'-e'tiborli, el hurmatini qozongan, mahallada muqim yashayotgan va saylov qonunchiligidan xabardor partiyasiz fuqarolar tanlab olingani saylovni xalqaro andozalarga to'la mos tashkil etishda o'z samaralarini berayotir. Bu jarayonni milliy qonunchiligimiz doirasida o'tkazish maqsadida okrug saylov komissiyasi a'zolari saylov uchastkalariga biriktirilib, yaqindan yordam ko'rsatilmoqda.

Denov tumanida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 102 uchastka saylov komissiyasi tashkil etilib, fuqarolar uchun qulay, barcha sharoitga ega zamonaviy binolarga joylashtirildi. 494-saylov uchastkasi tuman markazidagi 74-umumta'lim maktabi binosida faoliyat yuritadi. Saylov kuni bu yerda 2-So'fi Olloyor mahallasi fuqarolari konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, yurtimiz taraqqiyoti va obod kelajagimiz uchun ovoz beradi. Ularning 25 nafarga yaqini saylovlarda ilk marta ishtirok etayotgan o'g'il-qizlardir.

Saylov uchastkasida yosh bolali oilalarning o'z xohish-irodasini erkin bildirishi, yoshi ulug' saylovchilarning sog'lig'ini nazorat qilish uchun binoning qulay joyida onalar va bolalar, tibbiyot xonalari tashkil etilgan.

– Tibbiyot xonasi saylov kuni erta tongdan kechgacha fuqarolar xizmatida bo'ladi, – deydi 74-umumta'lim maktabi tibbiyot hamshirasi Rozaliya Isrofilova. – Xonaning zamonaviy usulda jihozlangani saylov jarayonida ehtiyoj sezilgan yoshi ulug' ayrim saylovchilarga tezkor, sifatli birlamchi tibbiy xizmat ko'rsatishda juda qo'l keladi.
Tumandagi 503-saylov uchastkasi ham 29-mart kuni Buyuk kelajak mahallasi fuqarolarining ovoz berishi uchun taxt qilib qo'yilmoqda. Saylovchilar uchastkada saylovga oid qonunlar, kundalik matbuot nashrlari bilan tanishib, o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olayotir.

Saylovni xalqaro standartlarga muvofiq o'tkazish uchun bunday sharoitlarning yaratilayotgani demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishda muhim omil bo'lmoqda. Fuqarolarning yurtimizda sodir bo'layotgan yangilanish va o'zgarishlarga daxldorlik hissini, mas'ullik tuyg'usini kuchaytirayotir.

Sho'rchi tumanida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni fuqarolar 46 saylov uchastkasida o'z ovozini erkin ifoda etadi. Buning uchun qulay sharoit, keng imkoniyat yaratib berilayotir. Ana shunday uchastkalardan biri Bo'ston mahallasidagi zamonaviy va milliy me'morchilik an'analari asosida qurilgan 7-bolalar musiqa va san'at maktabida joylashgan.

– Bo'lg'usi saylovni yuksak saviyada uyushqoqlik bilan o'tkazish uchun barcha qulaylik yaratilayotir, – deydi 421-uchastka saylov komissiyasi raisi Muqaddas Diyorova. – Uchastka saylov komissiyasi a'zolari xonasi keng, shinam va yorug'. Zamonaviy aloqa vositalari, komputer va boshqa zarur jihozlar bilan ta'minlangan. Tibbiyot, onalar va bolalar xonalari saylovga oid me'yoriy hujjatlarda belgilangan talab asosida jihozlanmoqda. Saylov kuni yangi maktab hududida yo'lga qo'yiladigan turli servis va xizmat ko'rsatish nuqtalari saylovchilar xizmatida bo'ladi.

Qumqo'rg'on tumanida saylovchilarga mumkin qadar ko'proq qulaylik yaratish uchun 49 uchastka saylov komissiyasi shakllantirilgan. Saylov uchastkalari eng zamonaviy ta'lim muassasalari va tubdan rekonstruksiya qilingan korxona, tashkilotlar binolarida joylashtirilgan. Neftchilar mahallasida qayta rekonstruksiya qilingan "Surxonparmalashishlari" aksiyadorlik jamiyati binosida 345-saylov uchastkasi faoliyati yo'lga qo'yilgan.

– Mamlakatimizdagi muhim siyosiy jarayonni saylovchilarimiz katta qiziqish bilan kutmoqda, – deydi "Neftchilar" mahalla fuqarolar yig'ini raisi Chori Annayev. – Hududimizda ro'yxatga olingan saylovchilarning mustaqil ovoz berishi uchun zarur sharoit yaratishda uchastka saylov komissiyasi a'zolariga mahallamiz faollari yaqindan ko'maklashayotir.

Partiyalardan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko'rsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqoti uchun teng sharoit yaratib berish, nomzodlar haqidagi ma'lumot va axborotlarni ko'rinarli joylarga osib qo'yishda uchastka saylov komissiyalariga joylarda tashkil etilgan ko'maklashuvchi guruhlar, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari yaqindan yordam bermoqda.

Viloyatdagi barcha saylov uchastkalarida fuqarolarning mustaqil ovoz berishi uchun yetarli qulaylik yaratishga alohida tayyorgarlik ko'rilayotganini kuzatish mumkin. Komissiya a'zolari o'rtasida vazifalar taqsimlanib, navbatchilik yo'lga qo'yilgan, barcha uchastkalarda qonun, yo'riqnoma, qo'llanma, zarur adabiyot, nomzodlarni tanishtiruvchi plakatlar mavjud. Chekka qishloqlardagi saylov uchastkalari ham zamonaviy aloqa vositalari – mobil telefonlar, ovoz berish kabinasi, seyf, ovoz berish qutisi hamda komissiya a'zolarining faoliyat yuritishi uchun yetarli komputer va boshqa zarur jihozlar bilan ta'minlangan.

Uchastka saylov komissiyalari a'zolarining saylov qonunchiligi bo'yicha bilimini oshirish uchun joylarda o'quv-seminarlari tashkil etilayotgani ham mamlakatimizda saylov erkinligini ta'minlab, saylovchilarga qulay sharoit yaratish yuzasidan olib borilayotgan izchil islohotlar samarasidir.

Поделиться