O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi
2017-03-23 | Siyosat
Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
– O‘zbekiston va Qozog‘iston yaqin qardosh, asrlar davomida sinalgan sheriklardir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafotidan keyingi og‘ir damlarda bu yaqinlik yana bir bor namoyon bo‘ldi. Xalqimiz Qozog‘iston xalqi hamdardligini, qo‘llab-quvvatlaganini chuqur his etdi va buni hech qachon unutmaydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanmoqda. Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimiz ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanining tasdig‘idir, – dedi Prezidentimiz.
Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o‘rtasida oliy maqomdagi muloqotlarning mantiqiy davomi, tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.
– Sizning tashrifingiz Navro‘z bayrami kunlariga to‘g‘ri kelgani qadamingiz qutlug‘ligidan dalolat. Qozog‘iston bilan O‘zbekiston munosabatlari har doim do‘stona va samarali bo‘lgan. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, mening qadrdon do‘stim Islom Karimov ulkan hissa qo‘shgan bunday yaqin hamkorlikni Siz bilan izchil davom ettirmoqdamiz. Keyingi besh oyda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi 30 foiz o‘sgani, o‘zaro yangi mahsulotlar yetkazila boshlagani buning tasdig‘idir. Tashrifingiz doirasida o‘tayotgan biznes-forumda qariyb 1 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Sizning ushbu tarixiy tashrifingiz mamlakatlarimiz hamkorligini yangi bosqichga ko‘taradi, – dedi Qozog‘iston Prezidenti.