O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Farg‘onada o‘tgan hududiy innovatsion yarmarkada 150 dan ortiq ishlanma namoyish etildi

2017-03-20 | Iqtisodiyot

Farg‘onada o‘tkazilgan innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasida 150 dan ortiq ishlanmalar namoyish etildi. Ilmiy muassasalar va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida 1 milliard 748 million so‘mlikdan ziyod shartnomalar imzolandi. 

An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur ko‘rgazma iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarida mavjud talabni innovatsiya sohasidagi takliflar bilan uyg‘unlashtirish, innovatorlar va innovatsiya loyihalari investorlari o‘rtasida aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik tashkilotlarining texnologiya va ishlanmalarini namoyish etish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha tajriba almashish, istiqboldagi vazifalarni belgilash hamda xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonini bermoqda. Ko‘rgazma davomida imzolanayotgan kelishuvlar natijasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalariga ixcham va zamonaviy texnologiyalar joriy etilib, yuqori samaradorlikka erishilmoqda. 

Farg‘ona viloyatida ham ilmiy ishlanmalarni rag‘batlantirish va amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijasida o‘ndan ortiq ilmiy innovatsion loyihalarni amalga oshirmoqda. Farg‘ona davlat universiteti, Farg‘ona politexnika instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnololgiyalari universiteti Farg‘ona filialining professor-o‘qituvchilari, yosh olimlari va talabalar tomonidan yangi ishlanmalar ustida ish olib borilmoqda. 

Ko‘rgazmadagi energetika, energiya tejamkor, qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish, axborotlashtirish va axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya, atrof-muhit muhofazasi, sanoat texnologiyalari va nanotexnologiyalar ekspertlar hamda ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tijorat banklari tomonidan shu yerning o‘zida innovatsion ishlanmalar uchun imtiyozli kreditlar taqdim etildi. 

– Yarmarkada institutimiz olimlari, tadqiqotchilari va talabalari sanoat, transport, qurilish, kommunal sohalardagi yangi texnologiya va ishlanmalari bilan ishtirok etdi, – deydi Farg‘ona politexnika instituti rektori O.Otaqulov. – Bugungi kunda ko‘plab innovatsion ishlanmalarimiz ishlab chiqarishga tatbiq etilgan. Ushbu ko‘rgazma tadqiqotchilarimiz uchun respublika yarmarkasi oldidan o‘ziga xos sinov maydoni bo‘ldi. 

 
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA 

Поделиться