O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kelgusi ishlar dasturining loyihasi muhokama etildi

2015-02-25 | Jamiyat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar fraksiyalari, O'zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi hamda qo'mitalarning majlislari bo'lib o'tdi.

Deputatlar Qonunchilik palatasining 2015-yilga va undan keyingi yillarga mo'ljallangan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda tashkiliy-huquqiy tadbirlar Dasturining loyihasini muhokama etdilar. Ushbu Dastur Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo'shma majlisidagi ma'ruzasidan kelib chiqadigan vazifalar to'g'risida"gi qo'shma qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqildi.

Parlament a'zolari ular sifat jihatidan yangi ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy sharoitlarda ishlashlariga to'g'ri kelishini ta'kidladilar. Shu munosabat bilan parlament quyi palatasi faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan kelib chiqqan holda qonun ijodkorligini, nazorat-tahlil faoliyatini takomillashtirishga, demokratik jarayonlarning va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning chuqurlashtirilishini ta'minlashga doir aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish zarur.

Dasturni ishlab chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida maxsus ishchi guruh tashkil etildi. Ushbu hujjatda davlatimiz rahbarining 2014-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo'ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma'ruzasida belgilangan eng muhim vazifalar o'z aksini topdi. Dasturni ishlab chiqishda parlament siyosiy partiyalari fraksiyalari, O'zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi va qo'mitalarning takliflari hamda tavsiyalari hisobga olindi.

Majlisda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari ta'kidladilarki, 2015-yilga va undan keyingi yillarga mo'ljallangan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda tashkiliy-huquqiy tadbirlar dasturi partiyaning saylovoldi platformasi vazifalariga mos tushadi hamda partiya, fraksiya va elektorat manfaatlariga to'liq javob beradigan qonun loyihalarini ishlab chiqish uchun muhim poydevor bo'lib xizmat qiladi, shuningdek, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ro'yobga chiqarilishi ustidan parlament nazoratini yangi bosqichga ko'tarishga ko'maklashadi.

Alohida ta'kidlandiki, dastur loyihasi bir qator muhim masalalarni, shu jumladan, "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi qonun, xususiy mulkni va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari hamda "Fermer xo'jaligi to'g'risida"gi va boshqa qonunlar ijro etilishini o'rganishni nazarda tutadi. Fraksiya a'zolari dastur loyihasiga qo'shimcha takliflarni ishlab chiqdilar.

Hujjatni muhokama etish chog'ida O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari Dastur loyihasiga fraksiya tomonidan taklif etilgan qonun loyihalari va parlament nazoratini amalga oshirishga doir tadbirlar kiritilganini qayd etdilar.

Fraksiya "Bolalarni ularning jismoniy va ma'naviy rivojlanishiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan axborotdan himoya qilish to'g'risida"gi, "Teleradioeshittirishlar to'g'risida"gi, "Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash kafolatlari to'g'risida"gi, "Parlament nazorati to'g'risida"gi "Jamoatchilik nazorati to'g'risida"gi, "Elektron hukumat to'g'risida"gi va boshqa muhim qonun loyihalarining tayyorlanishida va qabul qilinishida faol ishtirok etishni maqsad qilgan.

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasidan so'zga chiqqanlar, umuman Dasturni qo'llab-quvvatlagan holda uning ayrim yo'nalishlari yuzasidan bir qancha tanqidiy fikr-mulohazalarni bildirdilar. Jumladan, ayrim qonun loyihalarini muhokama qilish va nazorat-tahlil tadbirlarini o'tkazish muddatlarini ko'rib chiqish talab etiladi. Fraksiyaning fikricha, ushbu loyiha va tadbirlarni hozirgi bosqichda parlament oldida turgan demokratik islohotlar va mamlakatimizni modernizatsiya qilish talablarini inobatga olgan holda, ularning zarurligi nuqtai nazaridan puxtaroq va chuqurroq o'rganish lozim.

Shuningdek, partiyaning dasturiy vazifalarini hisobga olgan holda Dasturning ayrim qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ham bildirildi. Xususan, davlat va jamiyat tomonidan maqsadli ijtimoiy himoyaga va ko'makka muhtoj insonlarni, shu jumladan, pensionerlar, nogironlar, kam ta'minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish va qo'llab-quvvatlash siyosatining eng muhim yo'nalishlarini ro'yobga chiqarish uchun javobgar davlat boshqaruvi organlarining faoliyati ustidan parlament nazoratini tubdan yaxshilashga qaratilgan qonun ijodkorligi tashabbuslariga alohida e'tibor qaratildi.

Bunda ular bevosita ta'sir ko'rsatadigan qonunlarni qabul qilish, ularni buzganlik uchun javobgarlikning samarali mexanizmlarini yaratish zarurligini ta'kidladilar. Ularning fikricha, palataning qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatida, hukumat a'zolarining, davlat organlari va xo'jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining mamlakatimiz sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotining eng muhim masalalariga doir ma'ruzalarini eshitish masalalari bo'yicha qarorlarni ishlab chiqishda hamda ro'yobga chiqarishda siyosiy partiyalar fraksiyalarining faol ishtirok etish mexanizmlari samaradorligi oshirilishini ta'minlash zarur.

Shuningdek, O'zbekiston XDP fraksiyasi oldida turgan eng muhim vazifalar qatorida ish o'rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash hamda "Keksalarni e'zozlash yili" Davlat dasturlarining ro'yobga chiqarilishini, shuningdek, "O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida"gi, "Fuqarolarning jamg'arib boriladigan pensiya ta'minoti to'g'risida"gi va bir qator boshqa muhim qonunlarning ijro etilishini parlament tomonidan nazorat qilish masalalari ham qayd etildi.

O'zbekiston " Adolat" sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari Dastur loyihasini muhokama etishda qabul qilingan qonunlarning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, sud-huquq islohotlarini chuqurlashtirishga ta'sirini, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o'rganishga qaratilgan o'zaro aloqaning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish hamda qonun loyihasi ustida ish olib borishga ko'proq e'tibor qaratishni taklif etdilar. Shu munosabat bilan ular parlament tomonidan qabul qilingan qonunlarning, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijro etilishi bilan bog'liq deputatlarning ishlarini yoritib borishga ommaviy axborot vositalarini faol jalb qilishga qaratilgan bir qator tadbirlarni ro'yobga chiqarish zarurligini ta'kidladilar.

Dasturning asosiy qoidalarini qo'llab-quvvatlagan holda fraksiya a'zolari qonun loyihalarini muhokama etish jarayonida keng jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda ularni palata tomonidan ijtimoiy ekspertizadan o'tkazish, aholiga qonun loyihalarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, ular yuzasidan qonun hujjatlarining loyihalarini maromiga yetkazish jarayonida foydalanilishi mumkin bo'lgan takliflar va fikr-mulohazalar olish lozimligini bildirdilar. Fraksiya a'zolarining fikricha, yangi qabul qilingan qonunlarning samarali ro'yobga chiqarilishini ta'minlovchi qonunosti hujjatlarini o'z vaqtida va sifatli ishlab chiqish hamda qabul qilish ustidan parlament nazoratining samarali mexanizmini ham yaratish zarur.

O'zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi ham Qonunchilik palatasining 2015-yilga va undan keyingi yillarga mo'ljallangan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda tashkiliy-huquqiy tadbirlar Dasturining loyihasini muhokama qildi.

2015-yilga va undan keyingi yillarga mo'ljallangan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati hamda tashkiliy-huquqiy tadbirlar Dasturining loyihasi parlament quyi palatasi qo'mitalarining majlislarida ham ko'rib chiqildi.

Majlislar ishtirokchilari ushbu hujjat deputatlarga yuqoriroq talablarni qo'yadigan yangi ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy shart-sharoitda ishlab chiqilganini qayd etdilar. So'zga chiqqanlar qabul qilinayotgan qonunlarga ularni ro'yobga chiqarish bo'yicha aniq mexanizmlarni kiritish, qonunosti normativ-huquqiy hujjatlarda qonunlar moddalarining o'z vaqtida, keng qamrovli ro'yobga chiqarilishini ta'minlash orqali qonunlarning, ularga kiritilgan o'zgartish va qo'shimchalarning ta'sirini oshirishni taklif etdilar.

Shuningdek, deputatlar chet el huquqiy amaliyotini har tomonlama va chuqur qiyosiy tahlil qilish asosida qonun ijodkorligi faoliyatini tubdan yaxshilash, davlat boshqaruvining, fuqarolik jamiyati institutlarining turli darajalarida qonun loyihalarining samaraliroq muhokama etilishini tashkil etish lozimligini bildirdilar. Davlat boshqaruvi organlarining faoliyati, qabul qilinayotgan qonunlarning, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga doir eng muhim davlat dasturlarining so'zsiz ijro etilishi ustidan parlament nazoratini yaxshilash Qonunchilik palatasi kelgusi faoliyatining muhim yo'nalishiga aylanadi. Ularning fikricha, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati o'rtasidagi o'zaro hamkorlik samaradorligini oshirishga erishish ham zarurdir.

Muhokamalar yakunlariga ko'ra, qo'mitalar a'zolari Dastur loyihasini yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflarni ishlab chiqdilar hamda ishchi guruhga hujjatni bildirilgan fikrlar asosida maromiga yetkazish taklif etildi.


O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati

Поделиться