O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘lom bola – jamiyat ko‘rki, mamlakat tayanchi
2015-02-25 | Siyosat
Prezidentimiz Islom Karimov raisligida 24-fevral kuni Oqsaroyda O'zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi
Davlatimiz rahbari o'tgan yili Jamg'arma tomonidan amalga oshirilgan ishlar, uning faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari xususida atroflicha fikr yuritdi.
– Bolalar sportini rivojlantirish, shu orqali ularni sog'lom va barkamol etib tarbiyalashga qaratilgan bu tizimning yo'lga qo'yilgani har jihatdan to'g'ri bo'lganini bugun hayotning o'zi tasdiqlab turibdi, – dedi Prezidentimiz. – Sport odamlarning oilasiga, ongiga kirdi, turmush tarziga aylandi. Ota-onalar o'zlari bolalarini sport to'garaklariga yetaklab kelmoqda. Sport bilan shug'ullangan o'g'il-qizlarimiz sog'lom, baquvvat va qat'iyatli bo'lib ulg'aymoqda, ularning dunyoqarashi o'zgarmoqda. Bir so'z bilan aytganda, xalqimiz bu borada ham uyg'ondi.
Mamlakatimizda bu olijanob maqsad yo'lida keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi va izchil davom ettirilmoqda. Sog'lom turmush tarzini shakllantirish, oilalarni mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish kabi yo'nalishlardagi islohotlar bir-birini to'ldirib, aholi salomatligi va hayot sifatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Bolalar salomatligi bu boradagi ishlarning eng muhim bosqichidir. Zero, sog'lom bola sog'lom inson bo'lib voyaga yetadi. Ruhi tetik, tani baquvvat, fikri tiniq bo'ladi. O'z oldiga qo'ygan maqsadlarini amalga oshira oladi. Ota-onasiga, elu yurtiga naf keltiradi.
O'zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi ana shunday barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim o'rin tutmoqda. Jamg'arma tashkil etilganidan buyon mamlakatimizda 1700 dan ziyod sport obyektlari barpo etildi. Ular zamonaviy sport jihozlari va anjomlari bilan ta'minlandi. Bu, shubhasiz, bolalarning sport bilan muntazam shug'ullanib, salomatligini mustahkamlashi, yoshlarimizning jahon maydonlarida ulkan yutuqlarni qo'lga kiritishi, xalqaro miqyosda Vatanimiz nufuzining yanada oshishiga zamin yaratdi.
Bolalar musiqa va san'at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo'yicha 2009-2014-yillarga mo'ljallangan Davlat dasturi doirasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 278 bolalar musiqa va san'at maktabi foydalanishga topshirildi. Ular 30 mingdan ortiq yangi musiqa asboblari, 61 ming nusxa o'quv qo'llanmalari, milliy va jahon musiqasi notalari bilan ta'minlandi.
Islom Karimov musiqa va san'at maktablari qurish ishlarini izchil davom ettirish, buning uchun yaxlit yangi konsepsiya ishlab chiqish lozimligini ta'kidladi. Musiqa va san'at maktablarida milliy musiqiy merosimiz bilan birga, jahon mumtoz kompozitorlari ijodini ham o'rganish kerakligi qayd etildi.
Jismoniy va ma'naviy yetuklik – insonning ikki qanoti. Sport tanani chiniqtiradi, irodani mustahkamlaydi, musiqa didni tarbiyalaydi, madaniyatni oshiradi. Sport bilan shug'ullangan bola o'ziga ishonadi, san'atga oshno odamning dunyoqarashi keng bo'ladi. Bunday yoshlar jamiyatni boyitadi, hech qachon adashmaydi.
Sog'lom bola yili – 2014-yilda bu boradagi ishlar ko'lami yanada kengaydi. Shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturining ijrosi aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, kasalliklarning oldini olish, sog'lom turmush tarzi va sportni rivojlantirishda muhim omil bo'ldi.
"Sog'lom ona – sog'lom bola" loyihasi doirasida ayollar va bolalar tibbiy ko'rikdan o'tkazilmoqda, sportga keng jalb etilmoqda. Bunday xayrli ishlar samarasida so'nggi o'n yilda rivojlanishida tug'ma nuqsoni bo'lgan bolalar soni 1,3 barobar kamaydi. 6-15 yoshli bolalar orasida o'tkir yuqumli kasalliklar bilan og'rish 34,4 foizga, pnevmoniyaga chalinish 49,7 foizga, bronxit bilan xastalanish 32,8 va skolioz bilan kasallanish 32,7 foizga kamaydi.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 1-avgustdagi "2014-2018-yillarda O'zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o'smirlar sog'lig'ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to'g'risida"gi qarori mohiyat e'tibori bilan bolalarimizni jismoniy va ma'naviy jihatdan kamol toptirish, yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga ko'tarishga xizmat qilmoqda.
Majlisda sport inshootlari va suzish havzalarini qurish, ta'mirlash hamda jihozlash ishlari atroflicha tahlil etildi. Sport majmualaridan foydalanish samaradorligini oshirish, bolalarni, ayniqsa, qizlarni sportga yanada kengroq jalb etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
2014-yilda bolalar sporti obyektlari, musiqa va san'at maktablari barpo etish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ishlari izchil davom ettirildi. 115 bolalar sporti obyekti, 48 bolalar musiqa va san'at maktabi barpo etildi.
Barcha sport majmualari zamonaviy sport inventarlari va malakali murabbiylar bilan ta'minlanayotgani tufayli ularning qamrovi tobora kengayib bormoqda. Bugun mamlakatimizda 2 milliondan ziyod bola sportning 30 turi bilan muntazam shug'ullanmoqda. Bitta sport inshootidan o'rtacha kunlik foydalanish vaqti 9,8 soatni tashkil etmoqda.
Bolalar sporti obyektlari asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sport inventarlari va uskunalari bilan jihozlanmoqda. Bugungi kunda 120 turdagi sport inventarlari va uskunalarining 116 tasi mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilmoqda.
Qizlarimiz uchun milliy mentalitetimizga xos kiyimlar tayyorlanmoqda, ayol murabbiya va o'qituvchilarni tayyorlashga keng o'rin berilayotir.
Davlatimiz rahbari Jamg'arma faoliyatini zamon talablari asosida yanada rivojlantirish zarurligini alohida ta'kidladi.
Hayot hech qachon bir joyda to'xtab turmaydi. Zamon o'zgargani sari talab ham, raqobat ham o'zgarib boraveradi. Shu bois sportni rivojlantirish borasidagi ishlarimizga tanqidiy ko'z bilan qarashimiz, zamon bilan hamqadam bo'lmog'imiz zarur.
Mamlakatimiz sportchilari 2016-yilgi yozgi Olimpiya o'yinlariga puxta hozirlik ko'rmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi "O'zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo'lib o'tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o'yinlariga tayyorlash to'g'risida"gi qaroriga muvofiq bu boradagi ishlar zamonaviy asosda olib borilmoqda.
Sportchilarimizning g'alabalari sportni keng ommalashtirishda muhim o'rin tutadi. Xalqaro musobaqalarda g'olib bo'lib, bayrog'imizni baland ko'tarib, quvonchdan ko'ziga yosh olgan yigit-qizlarni ko'rganda ota-onalarda, bolalarda ham sportga havas uyg'onadi. Bunday g'alabalar O'zbekistonning xalqaro maydondagi obro'yini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Yig'ilishda bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarish, professional sportchilarni tayyorlash va xalqaro musobaqalarda ishtirokini kengaytirish zarurligi ta'kidlandi.
Har bir sport turi uchun maxsus majmua bo'lishi kerak. Shu maqsadda barcha viloyatlarda xalqaro toifadagi sport ustalari tayyorlaydigan majmualar barpo etish zarur. Ularga eng malakali murabbiylarni, kerak bo'lsa, xorijdan mutaxassislarni jalb etish, sporti rivojlangan mamlakatlar tajribasini o'rganish lozim, dedi Prezidentimiz.
Yig'ilishda 2015-yilda amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar ko'rib chiqildi. Sport obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, ularni zarur anjom va uskunalar bilan ta'minlash borasidagi vazifalar belgilab olindi.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.Ikromov, xalq ta'limi vaziri U.Inoyatov, xalq ta'limi vaziri o'rinbosari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi ijrochi direktori E.Iskandarov, O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi raisi M.Usmonov, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlarining axboroti tinglandi.
Yig'ilishda ko'rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.