O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtisodiyot vazirligida YeTTB prezidenti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2017-03-16 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 15-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Suma Chakrabarti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
YeTTB delegatsiyasi so‘nggi yillarda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida erishilgan yutuqlar, O‘zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish, iqtisodiyotni texnologik modernizatsiya qilish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar haqida to‘liq tanishtirildi.
Uchrashuv mobaynida qisqa muddatda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, shuningdek, YeTTB bilan hamkorlikning uzoq muddatli asosda istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. O‘zaro manfaatli bo‘lgan barcha sohalarda aloqalarni izchil rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi e'tirof etildi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik dasturini ishlab chiqishga kelishib olindi.