O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bank mahsulotlari ko‘rgazmasi
2015-02-24 | Iqtisodiyot
Nukusda o'tkazilgan "BankExpo – 2015" bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari milliy ko'rgazmasida tijorat banklari, yetakchi sug'urta kompaniyalari mahsulot va xizmatlari namoyish etildi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tashkil etilgan ko'rgazmada mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, fermer xo'jaliklarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Eksportbop va import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda moliya institutlarining faoliyati muhim ahamiyat kasb etayotir.
Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlikni rivojlantirishga yo'naltirilayotgan loyihalar ko'lami yildan-yilga ortmoqda. O'tgan yili Qoraqalpog'iston Respublikasida tijorat banklari tomonidan 364 milliard so'm mablag' ushbu soha rivojiga yo'naltirildi. Aholi bandligini ta'minlash, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandlikni qo'llab-quvvatlash, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining o'z biznesini tashkil etishi uchun 14 milliard so'm imtiyozli kredit mablag'lari ajratildi. Maishiy xizmat va qishloq xo'jaligi sohasidagi muhim loyihalar ham e'tibordan chetda qolmadi. Natijada 7 mingdan ziyod yangi ish o'rni yaratildi.
– Bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta'minlashda muhim omil bo'lmoqda, – deydi O'zbekiston Markaziy banki Qoraqalpog'iston Respublikasi Bosh boshqarmasi bo'lim boshlig'i A.Abdukarimov. – 2014-yilda Qoraqalpog'iston Respublikasida hududiy dasturlarga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun 501 tadbirkorga 55 milliard so'm, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida 46 milliard so'm, xizmat ko'rsatish sohasiga 60 milliard so'm kredit ajratildi. Nukus shahrida 2014-yilda 36 ko'pqavatli zamonaviy uylar qurilib, 1 ming 700 oilaning turar-joyga ega bo'lishida ham tijorat banklarining hissasi katta bo'ldi.
Banklar xizmatini kengaytirish va samaradorligini oshirishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimizning 2010-yil 26-noyabrdagi "2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishning ustuvor yo'nalishlari to'g'risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo'lmoqda. Mazkur qarorga muvofiq, tijorat banklarini modernizatsiya qilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilayotir.
Ko'rgazmada banklar tomonidan mijozlarga ko'rsatilayotgan "Mobil-banking", "SMS-banking", on-layn rejimida ma'lumot olish va to'lovlarni amalga oshirish borasidagi zamonaviy texnologiya asosidagi yangi xizmatlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
– O'tgan yili "Mening biznes g'oyam" tanlovida g'olib bo'lib, ovulimizda servisni rivojlantirish loyihamga imtiyozli kredit oldim, – deydi Qorao'zak tumanidan yosh tadbirkor S.Erg'aliyev. – Natijada foto-video xizmatini yo'lga qo'yib, uch nafar tengdoshimni ish bilan ta'minladim.
Ko'rgazmada tijorat banklari tomonidan olis hududlarda yosh tadbirkorlarning bandlikni ta'minlashga yo'naltirilgan loyihalarini moliyalashtirish bo'yicha o'tkazilgan tanlovning 35 nafar g'olibiga imtiyozli kredit mablag'lari olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.