O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizm sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
2017-03-07 | Turizm
Turizm iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirishning asosiy omillaridan.
Mazkur soha iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismi sifatida iqtisodiy va ijtimoiy muammolar yechimida muhim o‘rin tutadi: qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi, aholi bandligini ta’minlash, millat farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, iqtisodiy faoliyatning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan qator tarmoqlari, infratuzilmaning rivojlanishiga turtki beradi. Ushbu omillar o‘z-o‘zidan soha rivojida ilg‘or davlatlar tajribalarini o‘rganish, amaliyotga tatbiq etishni taqozo etadi.
Poytaxtimizdagi «City Palace» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi, Koreya Respublikasi Madaniyat, sport va turizm vazirligi hamda Koreya Respublikasi Milliy turizm tashkiloti tomonidan tashkil etilgan «Turizm siyosati amaliyoti» mavzuidagi seminarda O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyati, Janubiy Koreyaning bu sohadagi tajribasi xususida so‘z bordi.
Tadbirda ikki mamlakatning turizm sohasidagi yetmishdan ortiq davlat va xususiy tashkilotlari vakillari, tegishli oliy ta’lim dargohlari o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi. O‘zbekiston bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori sayyohlik yo‘nalishida ham izchil rivojlanib borayotgani, sohada amalga oshirilayotgan qator qo‘shma loyihalar o‘z samaralarini berayotgani alohida ta’kidlandi.
«Janubiy Koreya sayyohlik tajribasini o‘rganish» treningi doirasida o‘tkazilayotgan turli tadbirlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi delegatsiyasi 2016-yilning 21-noyabr – 2-dekabr kunlari Janubiy koreyalik ekspertlar bilan birgalikda turizm sohasidagi hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda yanada faollashtirish bo‘yicha tajriba almashdi.
– Mazkur seminar 2016-yili o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda tashkil etilgan treningning mantiqiy davomi bo‘ldi, – dedi Koreya Respublikasi Milliy turizm tashkiloti direktori o‘rinbosari Choi Seok Bum. – Tadbirdan ko‘zlangan maqsad o‘zaro tajriba almashish, sohaga yangi metod va texnologiyalarni jalb qilish, sayyohlar oqimini ko‘paytirishdan iborat. O‘zbekistonning turizm salohiyati va imkoniyatini yuqori baholaymiz. Turizmga qaratilayotgan alohida e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoit, maxsus seminar-treninglar mamlakatingizda mazkur sohaning yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizning turizm salohiyati, sohaga oid qonunchilik tizimi va ilg‘or tajribalarni amaliyotga keng joriy etish lozimligini qayd etdi. Buning uchun sayyohlik yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro amaliy tashriflarni yanada faollashtirish, ikki mamlakatning turizm sohasidagi salohiyati va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Anjumanda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari, o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Koreya Respublikasining Kyonxi va Sejong universitetlari professor-o‘qituvchilarining ma’ruzalari tinglandi.
Seminar doirasida hujjatli filmlar namoyish etildi, taqdimotlar, mahorat darslari, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar o‘tkazildi.