O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yuksak huquqiy madaniyat sari
2015-02-24 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat organlarining huquqiy targ'ibot va ma'rifat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish tizimi samaradorligi masalalariga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari himoyasini ta'minlashning samarali mexanizmi shakllantirilgani ta'kidlandi. Fuqarolarning bu imkoniyatlardan samarali foydalanishini yo'lga qo'yish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan izchil ishlar natijasida yurtdoshlarimizning nafaqat siyosiy-huquqiy madaniyati, balki fuqarolik pozitsiyasi ham tobora yuksalib bormoqda.
Mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan milliy qonunchilik asoslari yaratilgani, uning mazmun-mohiyatini aholining barcha qatlamlariga yetkazishda davlat va jamoat tashkilotlarining uzviy faoliyati yo'lga qo'yilgani bunda muhim ahamiyat kasb etayotir.
O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo'yicha idoralararo kengash tuzilgani shu maqsadga xizmat qilmoqda. Kengash tomonidan o'tgan davrda huquqiy targ'ibot ishlarini amalga oshirishga oid kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
Yosh avlodning huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirishda huquqiy adabiyotlar muhim ahamiyatga ega. O'tgan davr mobaynida ushbu yo'nalishda 342 ming nusxadan ortiq darslik, qo'llanma va ommabop yuridik adabiyotlar nashr etildi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va jamoat birlashmalari, ta'lim muassasalari tomonidan ko'plab huquqiy targ'ibot tadbirlari o'tkazildi. Mazkur tadbirlarning 57 mingga yaqini adliya organlari tomonidan tashkil etilgan.
Huquqiy axborotni internet tarmog'i orqali yetkazib berish amaliyoti yanada rivojlantirildi. O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma'lumotlarining milliy bazasi – "LexUZ" orqali aholini huquqiy axborot bilan ta'minlash ko'lami kengaytirildi. O'zbek va rus tillaridagi 33 mingga yaqin hujjat jamlangan ushbu tizimdan yuridik va jismoniy shaxslar bepul foydalanmoqda. Huquq sohasiga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari ham aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga o'z hissasini qo'shmoqda.
Tadbirda ayni paytda saylov qonunchiligini keng targ'ib etish, keksa avlod vakillarining ijtimoiy muhofazasiga oid tadbirlar, aholi, xususan, yoshlarning huquqiy madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan targ'ibot ishlari amalga oshirilayotgani aytib o'tildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.