O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yangi saylangan Prezidentlarning birinchi uchrashuvi

2017-03-04 | Siyosat

Yaqin kunlarda Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi birinchi xorijiy safari boshlanadi. 

Yana shunisi ham e'tiborli va hatto ramziy ma'noga egadirki, davlatimiz rahbari o’tgan oyda yangi saylangan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning birinchi oliy martabali mehmoni bo’ladi. Mamlakatimiz yetakchisi fevral oyida yo’llagan tabriknomasida Gurbanguli Berdimuhamedovni saylovda erishgan ishonchli g’alabasi munosabati bilan qutlar ekan, bo’lajak tashrif ikki tomonlama munosabatlarda tom ma'nodagi tarixiy voqea bo’lajagiga ishonch izhor etdi. Qolaversa, keyingi yarim yil davomida mamlakatlarimiz o’rtasidagi turli darajalardagi aloqalarning jadal tus olgani hamda konstruktiv hamkorlikning shu paytga qadar qo’yilgan mustahkam zamini ham bundan dalolat beradi.

Hech kimga sir emaski, ma'naviy qadriyatlar, til, din, tarix, urf-odat va an'analar mushtarakligiga asoslangan do’stlik va yaxshi qo’shnichilikning mustahkam rishtalari asrlar davomida O’zbekiston va Turkmanistonning qardosh xalqlarini bir-biriga bog’lab kelgan. Ikki xalq hamisha bir-birining adabiyotiga, madaniyati va san'atiga hurmat bilan munosabatda bo’lgan, buyuk ajdodlarning boy merosi esa hyech mubolag’asiz, bizlarning umumiy boyligimiz hisoblanadi.

Mustaqillik yillari davomida yo’lga qo’yilgan samimiy munosabatlar o’zbek xalqi uchun og’ir bo’lgan kunlarda - Birinchi Prezident Islom Karimov bevaqt vafot etgan damlarda yana bir bor o’z tasdig’ini topdi. Milliy yo’lboshchimiz bilan vidolashuv marosimida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov faol ishtirok etdi. O’shanda do’st mamlakat rahbari ikki davlat o’rtasidagi izchil hamkorlikning rivojlanishiga katta hissa qo’shgan buyuk davlat arbobi, dono siyosatchini Turkmaniston xalqi chuqur hurmat qilishini bayon etgan edi.  

Ana shunday ehtiromning ramzi sifatida Turkmanobod shahrida mamlakatimizning birinchi rahbari nomi bilan ataladigan markaziy ko’chadagi Islom Karimov nomli xiyobonda O’zbekiston Birinchi Prezidentining xotira majmui barpo etilmoqda. Turkmaniston rahbari o’tgan yil 4-noyabr kuni Ashxobodda mamlakatimiz hukumati delegatsiyasini qabul qilgan chog’dayoq bu haqda bayonot bergan edi.

Samimiy qardoshlar va yaqin qo’shnilar sifatida o’zbeklar va turkmanlar yaxshi va yomon kunlarda ham hamisha bir-biriga yelkadosh bo’lib kelishgan. Masalan, 2016-yil 17-sentabr kuni mamlakatimiz Bosh vazirining o’rinbosari boshchiligidagi delegatsiya turkman xalqining quvonchiga sherik bo’lib, Ashxobodda yangi aeroportning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Turkmaniston Prezidentining mamlakatimiz hukumati a'zolari bilan bo’lgan yana bir uchrashuvi ikki tomonlama munosabatlarning o’suvchan ekanligidan dalolat beradi. Gurbanguli Berdimuhamedov o’tgan yilning 26 – 27-noyabri kunlari Ashxobodda bo’lib o’tgan BMTning Barqaror Transport bo’yicha birinchi Global konferensiyasi doirasida O’zbekiston delegatsiyasini qabul qildi. Samimiy suhbat chog’ida ikki tomonlama hamkorlikning, shu jumladan, transport-kommunikatsiya sohasidagi o’zaro aloqalarning istiqbollari muhokama etildi. 

Shu o’rinda yana bir jihatni qayd etish joiz: mamlakatlarimiz ko’p tomonlama muzokaralar doirasida ham bir-biri uchun ishonchli tayanchdir. O’zbekiston Turkmaniston rahbarining Xalqaro neytralitet kunini ta'sis etish to’g’risidagi tashabbusini qo’llab-quvvatlagani bu fikrning yaqqol tasdig’i hisoblanadi. Buning natijasida joriy yil 2-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasida 12-dekabrni Xalqaro neytralitet kuni, deb e'lon qilish to’g’risidagi rezolyutsiya mamlakatimiz hammuallifligida qabul qilindi.

1996-yil 16-yanvardagi O’zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o’rtasida do’stlik, hamkorlik va o’zaro yordam to’g’risidagi Shartnomada ko’zda tutilganidek, bir-birini qo’llab-quvvatlash o’zaro munosabatlardagi asosiy jihatlardan biri hisoblanadi. Mazkur Shartnomani bugungi kunga qadar imzolangan qariyb 190 ta ikki tomonlama bitimlardan iborat salmoqli hujjatlar to’plamining “toji” deyish mumkin.

O’z-o’zidan ayonki, yuqorida qayd etilgan shartnomalarning aksariyat qismi Toshkent ham, Ashxobod ham ustuvor darajada e'tibor qaratadigan savdo-iqtisodiy hamkorlikka aloqadordir. Bu yo’nalishdagi hamkorlik ko’lami va unga beriladigan ahamiyat ko’lami katta ekanligini tasdiqlash uchun birgina misolni keltirishning o’zi kifoya: so’nggi olti oy mobaynida O’zbekiston - Turkmaniston savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo’yicha hukumatlararo komissiyasining ikkita majlisi bo’lib o’tdi. So’nggi majlis yakunlari bo’yicha tomonlar boshqa yo’nalishlarda ham bo’lgani kabi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, suv-xo’jalik ob'yektlaridan birgalikda foydalanish, qishloq xo’jalik texnikasi va neft mahsulotlari yetkazib berish, o’zaro milliy ko’rgazmalarni tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.

Mazkur hukumatlararo komissiyaning nomlanishidan ham ayonki,  tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlik masalalarini muntazam ravishda muhokama etishadi. Chunki o’zaro hamkorlikning bu yo’nalishi ham xalqlarimiz o’rtasidagi do’stlik rishtalarining mustahkamlanishida katta ahamiyat kasb etadi. Buning samaralari ham kaftdagidek ravshan: O’zbekiston va Turkmaniston vakillari har ikki mamlakatda o’tkaziladigan turli konsertlar, festival va tanlovlarda muntazam qatnashmoqda. Shu bilan birga, har yili o’zbek va turkman san'at darg’alarining iqtidori va yuqori mahoratini ochib beradigan tadbirlar tashkil etiladi. O’tgan yil 26-28-sentabr kunlari Ashxobodda bo’lib o’tgan “O’zbek kinosi kunlari” doirasida mamlakatimiz kino san'ati ustalari tomonidan suratga olingan 8 ta badiiy film namoyish etildi. 

O’sha yilning 7-11-noyabri kunlari O’zbekistonda bo’lib o’tgan “Turkmaniston madaniyati kunlari” tadbiri doirasida respublikamiz ahli qardosh turkman xalqining boy an'ana va urf-odatlari bilan yaqindan tanishdi. Toshkent va Buxoro shaharlarida do’st mamlakat xonandalari va san'at ustalari ishtirokida ko’rgazmalar, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, konsertlar va film namoyishlari bo’lib o’tdi.

Joriy yil 4-5-fevral kunlari O’zbekistonning Buxoro va Xorazm viloyati delegatsiyalari Turkmanistonning Lebap va Toshhovuz viloyatlariga tashriflari ham uchrashuv hamda nomi tilga olingan mintaqalar ma'muriyatlari rahbarlari, ishbilarmon va jamoatchilik doiralarining vakillari ishtirokidagi muzokaralarga boy bo’ldi. Tashrif qatnashchilari qardosh mamlakat va xalqlar o’rtasidagi o’zaro ishonch hamda hurmatga asoslangan bunday munosabatlarning yuqori darajasidan alohida qoniqish bildirdilar. Shuningdek, mintaqalararo darajadagi to’g’ridan-to’g’ri va yaqin sheriklik aloqalarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni rivojlantirishning muhim ekanligi qayd etildi. Tashriflar chog’ida O’zbekiston delegatsiyasi uchun Turkmanistonning respublikamizga chegaradosh bo’lgan viloyatlaridagi sanoat korxonalari va madaniy muassasalari bilan tanishuv tadbirlari tashkil etildi.

Mamlakatlarimizda istiqomat qiladigan o’zbek va turkman etnik guruhlarining vakillari ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishida salmoqli o’rin tutadi. Ma'lumki, O’zbekistonda yashaydigan millat va elatlarning har tomonlama rivojlanishiga respublikamizda alohida e'tibor qaratiladi. Shuni qayd etish joizki, bugungi kunda O’zbekistonning turli viloyatlarida qariyb 189 ming nafar turkman qardoshlarimiz istiqomat qiladi. Bu millat farzandlari turkman tili o’qitiladigan 47 ta maktabda tahsil olishmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizda Turkman milliy madaniy markazlari ham muvaffaqiyat bilan faoliyat ko’rsatmoqda. Ular O’zbekiston farovonligiga hamda millatlararo hamjihatlikning mustahkamlanishiga o’zlarining munosib hissalarini qo’shmoqda.

O’zbekiston va Turkmaniston o’rtasidagi munosabatlarning ana shunday do’stona va yaqin qardoshlik mohiyatiga ega ekanligi, qolaversa, bo’lajak tashrif kun tartibining uchrashuv va muzokaralarga juda boyligi ham davlatimiz rahbarining oldinda turgan davlat tashrifi xalqlarimiz tarixida tom ma'nodagi unutilmas voqyea bo’lib qolishidan darak beradi. Bundan tashqari,  Shavkat Mirziyoyev hamda Gurbanguli Berdimuhamedov o’rtasida allaqachon yo’lga qo’yilgan ishonchli va konstruktiv muloqot tufayli endi ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatdan yangi, strategik sheriklik darajasiga olib chiqilishi uchun keng imkoniyatlarning eshiklari ochilmoqda.

G.Nurjonova

Поделиться