O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Milliy chempionat boshlandi
2017-03-03 | Sport
O‘zbekiston milliy chempionati oliy ligasi birinchi tur o‘yinlari boshlandi.
Yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish, professional futbol klublari faoliyatini takomillashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida milliy chempionat saviyasi tobora oshib bormoqda. Bu yilgi chempionatning oliy liga bahslarida o‘n olti jamoa g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashmoqda.
Birinchi turning dastlabki kunida uchta o‘yin o‘tkazildi. Mamlakatimizning amaldagi chempioni "Lokomotiv" jamoasi safarda "Mash’al" klubi mehmoni bo‘lib, 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va dastlabki uch ochkoni qo‘lga kiritdi. 65-daqiqada Marat Bikmayev raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining g‘alabasini ta’minladi.
"Dinamo" jamoasi Bekobodda birinchi tur o‘yinini o‘tkazib, mezbonlar – "Metallurg" jamoasi darvozasiga javobsiz ikkita to‘p kiritdi.
"Paxtakor" klubi o‘z maydonida "Qizilqum" jamoasini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Jamshid Iskandarovning ikkita va Stanislav Andreyevning bitta goli mezbonlarga g‘alaba keltirdi. "Qizilqum" jamoasining yagona goliga Azamat Allaniyozov mualliflik qildi.
4-mart kuni o‘tkaziladigan uchrashuvlarda "Bunyodkor" – "So‘g‘diyona", "Buxoro" – "Olmaliq", "Sho‘rtan" – "Neftchi", "Navbahor" – "Obod", "Qo‘qon-1912" – "Nasaf" jamoalari o‘zaro bahslashadi.