O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Favqulodda vaziyatlar vazirligi 21 yoshda
2017-03-03 | Jamiyat
Joriy yilning 3 mart kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligida vazirlik tashkil topganining 21 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi mas’ul xodimlari, vazirlik rahbariyati, harbiy xizmatchilar, nafaqadagi harbiylar va fuqarolar ishtirok etishdi.
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari K.Aripov so‘zga chiqib, o‘tgan davr mobaynida vazirlik tomonidan yurtimiz aholisi va hududlarini tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, aholini favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanishiga oid bilimlarini mustahkamlash, qutqaruv tuzilmalarini zamonaviy avriya-qutqaruv texnikalari va vositalari bilan ta’minlash, moddiy texnik bazasini takomillashtirish borasida diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilganligini alohida ta’kidlab o‘tdi va vazirlik tizimi xodimlarini 4 mart-Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil topgan kun munosabati bilan qizg‘in qutladi.
Dastlab mazkur tizim O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarkibida Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidetining 1996 yil 4 martdagi Farmoniga binoan ushbu boshqarma negizida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil qilingani soha rivojini yuqori bosqichga olib chiqdi.
O‘tgan yillarda fuqaro muhofazasi sohasidagi qonunchilikning takomillashtirilgani mazkur yo‘nalishdagi ishlarga zamin yaratayapti. Jumladan, “Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida”, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etish masalalari, shuningdek, qutqaruv xizmatlari va qutqaruvchilar faoliyatini, huquqiy maqomini tartibga soladigan zarur me’yoriy-huquqiy baza shakllantirildi. Bularga mos ravishda tizimning moddiy-texnik ta’minoti butunlay yangilangani yana bir e’tiborli jihatdir. YUrtimiz va mintaqalarimiz darajasida tashkil etilgan harakatchan avariya-qutqaruv, suvda-qutqaruv, radiatsion-kimyoviy va biologik muhofaza guruhlari barcha turdagi xavfli tabiiy hodisalar hamda texnogen halokatlar, transchegaraviy ko‘rinishdagi favqulodda vaziyatlarga qarshi chora-tadbirlarni tezkor va samarali amalga oshirishi uchun eng ilg‘or “Holmatro”, “Subapro” qutqaruv uskunalari, maxsus transport va texnikalar bilan ta’minlandi. Qutqaruv avtomashinalari jahon standartlariga javob beruvchi transport vositalariga almashtirildi.
Quvonarlisi, bugungi kunda tizimda foydalanilayotgan maxsus tezkor avariya-qutqaruv transportlarining qariyb 60 foizi Samarqand, Andijon va Xorazmda ishlab chiqarilgan “ISUZU”, “MAN” va “DAMAS” avtomobillardan tashkil topgan.
So‘z fuqaro muhofazasi samaradorligini oshirish haqida borar ekan, aholini favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tez harakat qilish ko‘nikmasini rivojlantirishda zamonaviy uslublarni tatbiq etish sa’y-harakatlarini ham e’tirof etmoq kerak. Xususan, vazirlikning Fuqaro muhofazasi institutida BMTTD bilan hamkorlikda Zilzilalarni simulyasiya qilish majmuasining ishga tushirilishi tizimning katta muvaffaqiyatlardan biri bo‘ldi.
Xorijiy markazlar bilan tabiiy ofatlar va falokatlardan muhofaza qilish hamda ularning oldini olish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qo‘shma SHtatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ukraina, Latviya va boshqa mamlakatlar bilan amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Tabiiy ofatlarni kamaytirish xalqaro strategiyasi va Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Osiyo markazi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida favqulodda vaziyatlar xavfining oldini olishga doir ilg‘or amaliy tajribalarni almashish borasida samarali faoliyat olib borilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini engillashtirish aholi keng qatlamining tayyorgarlik darajasi bilan uzviy bog‘liq. SHu ma’noda, yurtimizdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar bilan favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga o‘rgatuvchi o‘yin tarzidagi mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgani, umumta’lim maktablarida “Hayot xavfsizligi”, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida “Hayot xavfsizligi asoslari” kurslari o‘quv dasturlariga kiritilgani maqsadga muvofiqdir.
Tadbir davomida vazirlikning bir qator xizmatchilari va harbiy xizmatchilari vazirlik tomomnidan ta’sis etilgan “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirladilar.