O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bahor – do‘stlik ayyomi
2017-03-03 | Jamiyat
Do‘stlik, birodarlik tuyg‘ulari oldida til, millat, masofa to‘siq bo‘lolmaydi. U dillarni, ellarni o‘zaro bog‘laydi.
«Navro‘z» hamda «Martenitsa» bayramlari munosabati bilan «O‘zbekiston – Bolgariya» do‘stlik jamiyatida bo‘lib o‘tgan madaniy tadbirda bu yana bir bor o‘z ifodasini topdi. Unda Bolgariya Respublikasining Muvaqqat ishlar vakili G.Prodanov, O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi raisi M.Hojimatov va boshqalar mamlakatlarimiz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari, sanoat, transport kommunikatsiyalari, turizm, madaniyat kabi sohalardagi samarali hamkorlik xususida so‘zladi.
1998-yilda tashkil etilgan «O‘zbekiston – Bolgariya» do‘stlik jamiyati ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda, madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlamoqda.
Bugungi tarkibiy o‘zgarishlar va ishbilarmonlik muhiti O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishida muhim omil bo‘layotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi. 2016-yil may oyida Bolgariya Respublikasi Bosh vaziri Boyko Borisov tashrifi doirasida «Angren» erkin iqtisodiy zonasida yuqori texnologiyali «O‘zPristaoyl» qo‘shma korxonasi ochildi. Sentabr oyida Toshkentda Bolgariyaning “Another Point Adviser Co. Ltd” kompaniyasi bilan ushbu mamlakatda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vakolatxonasini ochish to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik izchil davom etmoqda.
Tadbirda ikki xalqning milliy kuy-qo‘shiqlari yangradi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.