O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saylov jarayonini yoritishda ommaviy axborot vositalarining roli
2015-02-21 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo'yicha Respublika matbuot markazida jurnalistlar uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritishda ommaviy axborot vositalari ishtirokining dolzarb masalalariga bag'ishlangan onlayn- seminar bo'lib o'tdi.
Tadbir ommaviy axborot vositalari vakillarining milliy saylov qonunchiligimizga oid huquqiy bilimlarini yanada oshirish, saylov jarayonini tezkor va xolis yoritishda jurnalistlar ishtiroki bilan bog'liq masalalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Seminarda O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a'zolari, milliy ekspertlar, davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Mamlakatimiz hududlari bilan video aloqa orqali seminar mavzularini onlayn rejimida muhokama qilishda hududiy matbuot markazlari xodimlari va hududiy ommaviy axborot vositalari vakillari ham qatnashdi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov shu yilning 29-mart kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishda katta ahamiyatga ega muhim siyosiy voqea ekanini ta'kidladi. Mamlakatimizda demokratik saylovlarni tashkil etish yashirin ovoz berishga asoslangan bo'lib, qolgan barcha jarayonlar ochiq, oshkora va transparentlik asosida o'tkaziladi.
"O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunga muvofiq, saylov komissiyalari fuqarolarga saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha o'z faoliyati, saylov komissiyalari tuzilgani, ular joylashgan manzil va ish vaqti haqida ma'lum qiladi, saylovchilar ro'yxati, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar ro'yxati bilan tanishtiradi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar to'g'risidagi ma'lumotlar bilan tanishtirib, ovoz berish va saylov yakunlaridan xabardor qiladi.
Saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko'rsatgan siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar, jurnalistlar, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega.
Saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta'minlashda ommaviy axborot vositalari muhim o'rin tutadi. Tadbirda O'zbekiston ommaviy axborot vositalari saylov jarayonida faol ishtirok etayotgani qayd etildi. Saylov komissiyalarining barcha tadbirlari jurnalistlar ishtirokida o'tkazilmoqda. Mavzuga oid teleko'rsatuv va radioeshittirishlar muntazam efirga uzatilmoqda, saylovchilarga saylov jarayoni bosqichlarini tushuntiradigan roliklar namoyish etilmoqda. Saylov kampaniyasi bosma va internet-nashrlarda ham keng yoritilmoqda.
Seminar qatnashchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti qizg'in pallaga kirgan shu kunlarda ommaviy axborot vositalarining ahamiyati yanada ortib borayotganini ta'kidladi. Saylov qonunchiligiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga saylovoldi tashviqotini o'tkazishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq berilgan.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari saylov jarayonining barcha tadbirlarini va O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini yoritishda qonunchilikka, xolislik, betaraflik va adolatlilik prinsiplariga qat'iy rioya etishi zarurligi ta'kidlab o'tildi.
Seminarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishning huquqiy asoslari, ochiqlik va oshkoralik prinsiplarini ochib beradigan, saylov kampaniyasining barcha bosqichlari haqida jamoatchilikni xabardor qilishga doir ma'ruzalar tinglandi.
O'zaro muloqot va fikr almashish shaklida o'tkazilgan tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.