O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari – 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70-yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlash to‘g‘risida
2015-02-21 | Hujjatlar
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
2015-yil 9-mayda umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni o'tkazilishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G'alabaning 70-yilligi bayram qilinishi munosabati bilan fashizm ustidan qozonilgan G'alabaga bebaho hissa qo'shgan O'zbekiston fuqarolari – 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini munosib ravishda va izzat-ikrom bilan sharaflash maqsadida:
1. 1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G'alabaning 70-yilligi sharafiga "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali ta'sis etilsin.
2. Belgilab qo'yilsinki, "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali bilan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari – "1941-1945-yillardagi Ulug' Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g'alaba uchun" va "Yaponiya ustidan qozonilgan g'alaba uchun" medallari bilan, urush yillarida jangovar xizmatlari uchun olingan boshqa orden va medallar bilan mukofotlangan yoki urush qatnashchisi guvohnomasiga yoxud Vatan urushi nogironi guvohnomalariga ega bo'lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillarida fidokorona mehnati uchun mukofotlangan, shu jumladan, "1941-1945-yillar Ulug' Vatan urushidagi shavkatli mehnati uchun", "Mehnatdagi jasorati uchun", "Mehnatda o'rnak ko'rsatganligi uchun" medallariga yoki 1941-1945-yillardagi urush davrida qurolli kuchlarda fuqaro shaxslarni erkin yollash bo'yicha shtat lavozimida bo'lganlik to'g'risidagi guvohnomaga ega bo'lgan mehnat fronti qatnashchilari mukofotlanadilar.
3. "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali to'g'risidagi Nizom va uning tavsifi 1- va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg'armasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali bilan mukofotlanishi lozim bo'lgan 1941-1945-yillardagi urush faxriylari va nogironlarining, mehnat fronti qatnashchilarining aniq ro'yxatini tuzib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Markaziy bank va "Davlat belgisi" davlat-ishlab chiqarish birlashmasi bilan birgalikda bir oy muddatda "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medallari va ularning guvohnomalari blanklari belgilangan tartibda tayyorlanishini ta'minlasin;
2015-yilning 1-martiga qadar Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G'alabaning 70-yilligi mamlakatimizda keng bayram qilinishiga bag'ishlangan tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medallari bilan tantanali va bayramona vaziyatda mukofotlash chora-tadbirlari ko'zda tutilsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2015-yil 19-fevral
* * *
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
2015-yil 19-fevraldagi PF-4704-sonli
Farmoniga 1-ilova
"Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi"
esdalik yubiley medali to'g'risidagi Nizom
1. "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali bilan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari – "1941-1945-yillardagi Ulug' Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g'alaba uchun" va "Yaponiya ustidan qozonilgan g'alaba uchun" medallari bilan, urush yillarida jangovar xizmatlari uchun olingan boshqa orden va medallar bilan mukofotlangan yoki urush qatnashchisi guvohnomasiga yoxud Vatan urushi nogironi guvohnomalariga ega bo'lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillarida fidokorona mehnati uchun mukofotlangan, shu jumladan, "1941-1945-yillar Ulug' Vatan urushidagi shavkatli mehnati uchun", "Mehnatdagi jasorati uchun", "Mehnatda o'rnak ko'rsatganligi uchun" medallariga yoki 1941-1945-yillardagi urush davrida qurolli kuchlarda fuqaro shaxslarni erkin yollash bo'yicha shtat lavozimida bo'lganlik to'g'risidagi guvohnomaga ega bo'lgan mehnat fronti qatnashchilari mukofotlanadilar.
2. "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medalini topshirish O'zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan – O'zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, Milliy xavfsizlik xizmati raisi, ichki ishlar vaziri, Davlat bojxona qo'mitasi raisi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarning hokimlari tomonidan mahalliy harbiy boshqarma organlarining, urush va mehnat faxriylari kengashlarining ishtirokida tantanali vaziyatda amalga oshiriladi.
Mukofotlanganlarga esdalik yubiley medali bilan birga belgilangan shakldagi guvohnoma topshiriladi.
3. "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali ko'krakning chap tomoniga taqiladi.
* * *
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
2015-yil 19-fevraldagi PF-4704-sonli Farmoniga 2-ilova
"Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi"
esdalik yubiley medalining tavsifi
"Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" esdalik yubiley medali 0,25 mikrongacha qalinlikdagi oltin qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 32 millimetrli doira shaklida bo'ladi.
Esdalik yubiley medalining o'ng tomonida taralayotgan quyosh nurlari fonida "Xotira maydoni" yodgorlik kompleksidagi Mangu olov yonida "Motamsaro ona" monumenti tasvirlangan. Monumentning chap va o'ng tomonlarida 1945 va 2015 raqamlari yozilgan bo'lib, ular Ikkinchi jahon urushi tugagan yil va yubiley yilini anglatadi.
Esdalik yubiley medalining orqa tomonida "Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 70-yilligi" so'zlari yozilgan. Yozuv dafna chambari bilan o'ralgan bo'lib, uning novdalari pastda sakkiz qirrali yulduz bilan tutashgan.
Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.
Esdalik yubiley medalining qirralari doira bilan hoshiyalangan.
Esdalik yubiley medali xalqachalar yordamida besh burchakli kolodka bilan tutashtiriladi, uning ustki qismi O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i ranglaridagi eni 24 millimetrli shoyi lenta bilan o'ralgan. Ko'k, oq va yashil polosalarning eni 7 millimetrdan, qizil polosalarning eni esa 1,5 millimetrdan. Kolodkaning balandligi 48 millimetr, eni 45 millimetr. To'g'nog'ich yordamida qadaladi.