O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakatimizning 23 tumanida za’faron plantatsiyalari tashkil etiladi
2017-03-03 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida mamlakatimiz iqtisodiyotining barqarorligini ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar qatorida 2017-2019-yillarda o‘rmon fondi yerlari va fermer xo‘jaliklarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish loyihasi bilan ham tanishdi.
Loyihaga ko‘ra mamlakatimizning 23 tumanida 50 gektardan ziyod maydonda za’faron plantatsiyalarini tashkil etish, uning xomashyosidan farmatsevtika sanoatida foydalanish, mahsulotni eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Gulsafsardoshlar oilasiga mansub za’faron shamoldan pana, janub tomonga biroz qiya bo‘lgan, quruq tuproqlarda o‘sadi. Uni ekish muddati o‘simlik tinim davriga o‘tgan vaqtda, ya’ni iyul-avgust oylariga to‘g‘ri keladi. Za’faron tuganak piyozlari 10 santimetr uzoqlikda, 15 santimetr chuqurlikda, 60 santimetr kenglikda ekiladi.
Za’farondan olinadigan dorivor xomashyo – qizil rangli gul ustunchasi oktabr-noyabr oylarida teriladi va za’faron tayyorlash punktlariga yuboriladi. Bir gektar plantatsiyadan o‘rtacha 4 kilogramm, ikkinchi yili 7-8, keyingi yillarda 15-16 kilogramm dorivor hosil olinadi. Jahon bozorida 1 kilogramm xomashyoning narxi 400 dollardan 1000 dollargacha baholanadi.
Bugungi kunda za’faron Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya kabi o‘n beshdan ortiq mamlakatda yetishtiriladi.
Mamlakatimizda ushbu o‘simlikni ko‘paytirish va plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika bog‘i olimlari tomonidan olib borildi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, za’faron yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga to‘liq mos bo‘lib, uni Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarining tog‘ va tog‘oldi hududlarida, bog‘ va tokzorlar qator oralarida, o‘rmon hududlarida yetishtirish imkoniyati mavjud.
Xalq tabobatida za’faron o‘nlab xastaliklarni davolashda ishlatilgan. Abu Ali ibn Sino za’faron ichish rangni chiroyli, ko‘zni ravshan, yurakni quvvatli, nafas a’zolarini sog‘lom qilishini yozib qoldirgan.
Hozirgi kunda ushbu o‘simlik tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida keng ishlatiladi. Uning tarkibida 50 foizdan ortiq bo‘yoq beruvchi krotsin, 2,7 foiz yog‘, 0,32 foiz efir moyi, V, V2 vitaminlari, azotli moddalar, qand, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud bo‘lib, ko‘plab kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. O‘simlik o‘ziga xos xushbo‘y hidi, yorqin rang va ta’m berishi bois turli taomlarga qo‘shiladi. Undan qandolat mahsulotlari, kremlar, muzqaymoq tayyorlashda ham foydalaniladi. Za’faron qo‘shilgan oziq-ovqat mahsulotlari bir necha kungacha sifatini yo‘qotmaydi.
Joriy yildan boshlab Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ va Kitob tumanlarida 4 gektardan, Shahrisabz tumanida 3 gektar maydonda za’faron plantatsiyalarini barpo etish mo‘ljallanmoqda. Ushbu o‘simlikni ko‘paytirish mamlakatimizda dorivor o‘simliklar xomashyosini mahalliy sharoitda yetishtirish, farmatsevtika sanoati ehtiyojini ta’minlash va oziq-ovqat ziravori sifatida eksport qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Loyiha taqdimotida o‘simlikning shifobaxsh xususiyatlari, O‘zbekistonda za’faron plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda tanlangan tumanlar, o‘simlik yetishtirish agrotexnologiyasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Prezidentimiz za’faron plantatsiyalarini tashkil etish mahalliy farmatsevtika sanoati uchun xomashyo manbaini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Za’faron yetishtirish uchun mutaxassislar tayyorlash, buning uchun alohida kollejni tanlash va yoshlarni o‘qitish, Toshkent davlat agrar universitetida mutaxassislar tayyorlash lozimligini ta’kidladi.
Za’faron o‘simligini yetishtirish, kelajakda uni ko‘paytirish bo‘yicha markaz tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi. Bu markazda dorivor va oziq-ovqat o‘simliklari turlarini tanlash, ilmiy-tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, yosh kadrlarni sohaga yo‘naltirish, pirovardida chet el ilg‘or texnologiyalarini o‘rganish va eksportni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi olimlarni yanada rag‘batlantirdi. Ilmiy tadqiqotlarimiz doirasida iqlim sharoitimizga mos shifobaxsh va oziq-ovqat tarmog‘ida ishlatiladigan sano o‘ti, dorivor valeriana, bo‘yoqdor ro‘yan, dorivor lavanda, tukli erva, dorivor rozmarin va ikki bo‘lakli ginkgo kabi o‘simliklar aniqlandi. Kelajakda import o‘rnini bosuvchi, eksportbop bu turlarni ham mamlakatimizda ko‘paytirish, dastlabki plantatsiyalarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berildi. Mazkur loyihaning ishga tushishi za’faron va boshqa dorivor o‘simliklarning eng yaxshi namunalarini tanlab olib, ularni ko‘paytirish, yaxlit soha sifatida ixtisoslashtirish, farmatsevtika, parfyumeriya va oziq-ovqat sanoatini mahalliy xomashyo bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.