O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sport bayrami yuqori saviyada o‘tdi
2017-03-01 | Sport
Olmaliq shahrida “Sport – salomatlik garovi” shiori ostidagi respublika spartakiadasining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sport bilan muntazam shug‘ullanish uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan hududdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlarni sportga keng jalb etish, ularni kasb kasalliklaridan sport hamda sog‘lom turmush tarzi yuritish orqali muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan spartakiadada 350 dan ortiq ishtirokchi sportning olti turi bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
– Har bir sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda muxlislarning ishtirokchilarni faol qo‘llab-quvvatlagani musobaqalarning yanada qizg‘in kechishiga yordam berdi, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Shavkat Sobirov. – Ushbu musobaqa xodimlar salomatligini mustahkamlash, ularda ish samaradorligini oshirish bilan birga, hududlarda sportning yanada ommalashuviga xizmat qilmoqda.
Stol tennisi, badminton, suzish, shaxmat-shashka bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Jahon Abdurazzoqov, Sergey Mo‘minov, Aleksey Varavin, Nusrat Jumayev, Rahmatjon Toshmatov, ayollar bahsida Irina Shoahmedova, Elvira Yusupova, Feruza Deniteva, Shahnoza Isroilova, Svetlana Murashkevich g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasida Olmaliq shahri jamoasi bekobodlik raqiblaridan ustun kelib, birinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqada “Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi”, “Eng mahoratli havaskor sportchi”, “G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun”, “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.