O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Istiqbolli loyihalar ishlab chiqarishga
2017-03-01 | Iqtisodiyot
Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududni ijtimoiy-iktisodiy rivojlantirish dasturi asosida joriy yilda sanoatda 365, qishloq xo‘jaligida 686, xizmat ko‘rsatish sohasida 1 ming 184 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bu borada o‘tgan yili 194,6 milliard so‘m va 7,5 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2 ming 17 loyiha amalga oshirildi. 9 ming 956 yangi ish o‘rni yaratildi. Nukus shahrida “Kardar ishlab chiqarish mahsulotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 500 million so‘m evaziga briket mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ellikqal’a tumanidagi “El rozi Nur” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 250 million so‘mlik investitsiya hisobidan vermikulit qayta ishlanib, issiqlik saqlovchi quruq qurilish materiallari tayyorlanmoqda. Mahalliy xomashyodan tayyorlanayotgan bu mahsulotga talab ortmoqda.
Amudaryo tumanidagi "Jumurtau ideal" korxonasida umumiy qiymati 930 million so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilib, qurilish ashyosi – shag‘al ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi amalga oshirildi.
– Bu jarayon joriy yilda ham izchil davom ettirilib, 2 ming 235 loyiha amalga oshirilishi, 15,3 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Mahmud Qo‘shimbetov. – Bular asosan sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha hududiy kompleks dasturga asosan bir necha yirik zamonaviy korxonalar qurilib, foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Joriy yilning avgust oyida Nukus shahrida yiliga 8 ming tonna polietilen va polipropilen granulalarni qayta ishlab, turli diametrli quvur va qoplar ishlab chiqarish, quvvati 6 (10) kV.li komplekt transformator podstansiyalari ishlab chiqaruvchi korxonalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
“Nukus med tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 35,5 milliard so‘mlik investitsiya kiritish hisobidan yiliga 250 million dona shpris va infuzion sistema ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shumanay tumanida yiliga 3 ming 500 tonna ip-kalava ishlab chiqaradigan “Shumanay eko teks” zamonaviy to‘qimachilik korxonasi barpo etiladi.
Bu loyihalarning amalga oshirilishi aholi, ayniqsa, yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlash barobarida, mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, turmushimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.