O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Milliy armiyamiz – tinchligimiz kafolati
2017-03-01 | Jamiyat
Jizzaxda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini isloh qilish, yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini takomillashtirishda jamoatchilikning ishtirokini yanada kengaytirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Senatining viloyatdan saylangan a’zolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyalari a’zolari, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, harbiy qismlar va boshqa tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Prezidentimizning shu yil 26-yanvar kuni Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtidagi uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimiz mudofaa qudratini oshirish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun qulay sharoitlar yaratish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatga tayyorlash bo‘yicha Jizzax viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 2017-yilda viloyat markazida harbiy xizmatchilar oilalari uchun 56 xonadonli 2 turar joy binosi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlashni yanada yaxshilash maqsadida Jizzax politexnika instituti qoshidagi akademik litsey va Jizzax pedagogika kollejida harbiy kafedralar tashkil etiladi.
Yig‘ilishda Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligining kafolati bo‘lgan milliy armiyamiz qudratini yanada oshirishning muhim sharti bo‘lgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy xizmatga tayyorlash ishlarini yanada yaxshilashda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.