O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adolat ustuvorligini odamlar sezishi kerak
2017-02-25 | Siyosat
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. Ana shu muloqotni amalda yo‘lga qo‘yish, inson manfaatlarini ta’minlash maqsadida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etildi.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 28-dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasida ham aholi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Fuqarolarni qabul qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va saqlash zamonaviy axborot texnologiyalari asosida yo‘lga qo‘yilgan. Qabulxona huquqiy adabiyotlar, zarur ma’lumotlar bilan ta’minlangan. Tibbiyot, ona va bola xonalari tashkil etilgan.
Qabulxona Qarshi shahri O‘zbekiston ko‘chasi 249-uyda joylashgan.
Xalq qabulxonalarini xalq bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, inson manfaatlarini ta’minlash uchun tashkil etdik, dedi davlatimiz rahbari. Har bir murojaat hal etilishi, adolat ta’minlanayotganini odamlar sezishi kerak.