O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qashqadaryo viloyati sanoati yanada yuksalishiga xizmat qiladigan yangi loyihalar

2017-02-24 | Siyosat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi “Qarshi lezer” qo‘shma korxonasida bo‘lib, Qashqadaryo viloyatida charmpoyabzal sohasini yanada rivojlantirish dasturi, meva-sabzavot yetishtirish, yangi logistika markazi tashkil qilish, Yakkabog‘, Kitob, Shahrisabz tumanlarida tokzorlar barpo etish bo‘yicha qator istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. 

Qashqadaryo viloyatida charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish hududda yetishtiriladigan teri xomashyosini sifatli qayta ishlashni tashkil qilishda muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda viloyatda 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan umumiy qiymati 12,9 million dollarlik 18 investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqildi. 

Mazkur dasturga muvofiq Qarshi shahri, Dehqonobod, Kitob va Nishon tumanlarida 5 poyabzal, Kitob tumanida charm-attorlik mahsulotlari, “Qarshi lezer” korxonasida tayyor charm ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. Bu viloyatda yiliga 1 million dona terini qayta ishlash, 460 ming juft poyabzal va 100 ming dona charm-attorlik mahsulotlari tayyorlash, 200 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi. 

 “Qarshi lezer” qo‘shma korxonasida amalga oshirilayotgan qiymati 9,1 million dollarlik loyiha namoyish etildi. Loyiha hayotga tatbiq etilishi natijasida yuqori sifatli, raqobatbardosh tayyor charm ishlab chiqarish, yiliga 45 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilmoqda. Bosqichma-bosqich ishga tushiriladigan korxonada 300 dan ortiq ish o‘rni yaratilib, ularga asosan kollej bitiruvchilari qabul qilinadi. 

Prezidentimiz qo‘shma korxona ta’sischilari va xorijlik investorlar bilan suhbatda ishlab chiqarishni samarali tashkil etish, buning uchun mutasaddi idoralar, viloyat hokimligi bilan yaqindan hamkorlik qilish, tashqi bozorni o‘rganib, eksport geografiyasini muntazam kengaytirib borish zarurligini ta’kidladi. 

Qashqadaryo viloyatida meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish imkoniyatlari juda yuqori. Shahrisabz shahrida tashkil etilayotgan “Shahrisabz” logistika markazi ushbu maqsadlarga xizmat qiladi. Sobiq pillachilik fabrikasi o‘rnida ish boshlaydigan logistika markazi meva-sabzavotlarni yetishtirish, tayyorlash, qabul qilish, saralash, qayta ishlash, jahon talablariga mos laboratoriyalarda tekshirish, qadoqlash hamda ho‘l, muzlatilgan va quritilgan holda eksport qilish bilan shug‘ullanadi. 

Markaz to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 25 ming tonnadan ziyod mahsulot Yevropa, MDH mamlakatlari, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga eksport qilinadi. Ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Ahamiyatli tomoni, viloyatdagi fermer, dehqon, shaxsiy tomorqa xo‘jaliklariga yetishtirgan mahsulotini sotish hisobiga yiliga o‘rtacha 80 milliard so‘m atrofida daromad olish imkoniyati yaratiladi. 

Chiroqchi tumanida yiliga 8 ming tonna salat barglari, brokkoli, rangli karam va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, meva-sabzavot yetishtirish, saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan “Big agro eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati barpo etilmoqda. 194 gektar maydondan iborat qiymati 14 million dollar bo‘lgan ushbu korxonada 2 gektarda ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxona, 4000 tonna sig‘imli sovutkich qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 6,8 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, tumanda 90 doimiy, 500 mavsumiy ish o‘rni yaratiladi. 

Yakkabog‘, Kitob va Shahrisabz tumanlarida 2017-2019 yillarda jami 5 ming gektarda yangi tokzorlar barpo etish mo‘ljallanmoqda. Yakkabog‘ tumanida bir yilda 4 ming tonna uzumni qayta ishlash loyihasi amalga oshiriladi. 

Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar bilan tanishar ekan, vohada qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni yanada ko‘paytirish va uni qayta ishlashni kengaytirish, aholini ushbu mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash, eksportini oshirishda, pirovard natijada aholining turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Shu yerning o‘zida mamlakatimiz olimlari tomonidan o‘rmon fondi yerlarida shifobaxsh o‘simliklar yetishtirish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Loyihaga ko‘ra joriy yildan boshlab Qashqadaryo viloyatining tog‘ va tog‘oldi hududlarida shafran (za’faron) plantatsiyalari tashkil etishga kirishiladi. Ushbu o‘simlik tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida keng ishlatiladi. Uni ko‘paytirish mamlakatimizda dorivor o‘simliklar xomashyosini mahalliy sharoitda yetishtirish va oziq-ovqat ziravori sifatida eksport qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. 

Prezidentimiz O‘zbekiston florasi dorivor giyohlarga boy ekanini, xususan, shafran o‘simligidan qadimdan xalq tabobatida keng foydalanib kelinganini ta’kidladi. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda dori vositalarini ishlab chiqarishda shifobaxsh shafran muhim xomashyo manbai bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi. Soha mutaxassislariga bunday o‘simliklar turini ko‘paytirish va plantatsiyalarni kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. 

 
Matnazar Elmurodov, O‘zA 

Поделиться