O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi
2017-02-24 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 24-fevral kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati ulkan. Bugungi kunda mamlakatimizda qazib chiqarilayotgan tabiiy gazning 70 foizi, neftning qariyb 78 foizi, gaz kondensatining 80 foizi, g‘allaning 13 foizdan ortig‘i, paxtaning 14 foizdan ziyodi ushbu viloyat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Viloyatda sanoat izchil rivojlanmoqda. Yalpi hududiy mahsulotda bu sohaning ulushi 38 foizni tashkil etayotgani ham shundan dalolat beradi. “Sho‘rtan neft-gaz”, “Muborak neft-gaz” korxonalari, “Sho‘rtan gaz-kimyo" majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasi, “Hisor neft-gaz” kabi yirik ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatimiz sanoatining lokomotivlari hisoblanadi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ham jadal rivoj topmoqda. Bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning 51,6 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ishlab chiqarilmoqda. Mehnat bilan band aholining qariyb 80 foizi shu tarmoqda daromad topmoqda.
Qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirilmoqda, tarkibiy o‘zgartirishlar davom ettirilmoqda. So‘nggi besh yilda 3 ming 200 gektar paxta maydoni qisqartirilib, kartoshka, meva-sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Oxirgi uch yilda fermer xo‘jaliklarining 22 foizdan ziyodi ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylantirilgan.