O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanmoqda
2017-02-22 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Parlament komissiyasi raisi A.Saidov va boshqalar fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish va davlat boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning yangi mexanizmlari joriy etilayotganini ta’kidladi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida bu borada muhim vazifalar belgilangan.
Parlament xuzuridagi Jamoat fondi har yili fuqarolik jamiyati institutlarining 250 dan ortiq loyihasini amalga oshirishga ko‘maklashmoqda. Xususan, 2016-yilda Parlament komissiyasining qarorlari asosida 12 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalari shaklida ajratildi. Bu mablag‘lar nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari loyiha va dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.
Yig‘ilishda Parlament komissiyasi tomonidan joriy yilda davlat byudjetidan ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘larni NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish uchun yil davomida besh marta tanlov o‘tkazish ko‘zda tutilgani ma’lum qilindi.