O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident saylovi – mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea
2015-02-20 | Siyosat
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o'rganish markazi «O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi – 2015» mavzusida ijtimoiy so'rov o'tkazdi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida demokratik talablar va umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga javob beradigan, fuqarolarning o'z xohish-irodasini erkin ifoda etishini kafolatlaydigan milliy saylov tizimi yaratildi. Bu borada jamoatchilik fikrini o'rganish saylov kampaniyasining ajralmas qismi bo'lib, bunda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish huquqiga ega fuqarolarning kayfiyati, fikr-mulohazalari, shuningdek, saylovda faol ishtirok etishini aniqlashga alohida e'tibor qaratildi.
So'rov o'tkazishdan maqsad aholining yaqinlashib kelayotgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risidagi xabardorligi, o'z saylov huquqlari va «O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida»gi qonunni qay darajada bilishini aniqlashdan iboratdir.
Jamoatchilik so'rovida aholining turli ijtimoiy guruhlari – erkaklar va ayollar, yoshlar, pensionerlar, turli millat va din vakillari, shahar va qishloq aholisi ishtirok etdi.
Bo'lajak saylov haqida jamoatchilik fikrini o'rganish tadqiqotlari natijasi shundan dalolat beradiki, aholining asosiy qismi – 97,2 foizi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi 2015-yil 29-mart kuni bo'lib o'tishidan xabardor. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq milliy saylov qonunchiligi huquqiy mexanizmlarining takomillashtirilayotgani, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturi doirasida Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylov kampaniyasini tashkil etish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasida fuqarolarning xabardorlik darajasi oshmoqda.
So'rov natijalariga ko'ra, fuqarolarimizning aksariyati o'zining saylov huquqlari va «O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida»gi qonun haqida yetarlicha ma'lumotga ega. Ishtirokchilarning 91 foizga yaqini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti milliy qonunchiligimizga muvofiq besh yil muddatga saylanishidan xabardor ekanini ta'kidlagan. Bundan tashqari, ular milliy qonunchiligimizga kiritilayotgan o'zgartish va qo'shimchalarga muvofiq, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha to'rt partiya – O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o'z nomzodini ko'rsatish huquqiga ega ekanini ham biladi.
So'rov fuqarolarning mutlaq ko'pchiligi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashish muhim ahamiyatga ega ekani va bu ularga o'z fuqarolik burchini bajarish va konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish imkonini berishini ko'rsatdi. Ayni paytda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish fuqarolarning ko'pchiligi uchun vatanparvarlik tuyg'usini namoyon etish, Vatanimiz bilan faxrlanish va buyuk kelajagimizga ishonish ifodasidir.
Shuningdek, fuqarolarning aksariyati uchun ommaviy axborot vositalari mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi voqealar, saylovoldi kampaniyasi haqida axborot yetkazib beradigan asosiy manbadir. So'rovga ko'ra, 95,4 foiz fuqaro O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini muntazam kuzatib bormoqda. Har ikkinchi ishtirokchining fikricha, respublika ommaviy axborot vositalari bo'lajak saylovni tashkil etish va o'tkazishning o'ziga xos xususiyatlari, saylov kampaniyasining huquqiy asoslariga taalluqli xabarlarni tezkor va o'z vaqtida tarqatmoqda.
Muxtasar aytganda, so'rov fuqarolarimiz kayfiyati baland ekani, 29-mart kuni tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag'rikenglik, jamiyatda do'stlik va o'zaro hurmatni mustahkamlash muhitida bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga tayyor ekanini ko'rsatdi.