O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi turmush farovonligini yanada oshirish, salomatligini mustahkamlash – asosiy vazifamizdir
2017-02-10 | Siyosat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanida tashkil etiladigan baliqchilik kompleksi loyihasi bilan tanishdi.
Mamlakatimizda aholi farovonligini yanada oshirish, xalqimizni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik kabi sohalar rivojiga kata e’tibor qaratilmoqda. Barcha hududlarda shu yo‘nalishga ixtisoslashgan yangi korxona va xo‘jaliklar ishga tushirilmoqda.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 186 baliqchilik xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Endi ularning safiga «Termiz agro fish eksport» agrofirmasi ham qo‘shiladi.
Bu yerda baliq yetishtirish bilan birga baliq ozuqalarini ishlab chiqarish, viloyatda yetishtiriladigan baliq mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish ishlari ham amalga oshiriladi.
Korxonada Vetnam texnologiyasi asosida Afrika laqqasi, karp kabi baliqlar yetishtiriladi. Suvni muntazam tozalab berishga asoslangan ushbu texnologiya baliq yetishtirish samaradorligini besh barobarga oshirishi bilan ahamiyatlidir. Komleksda 500 tonna baliqni qayta ishlash, 105 ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan.
Xalqimiz baliqni luqmai halol deb atashida katta hikmat bor, dedi Prezidentimiz. Uning tarkibida inson salomatligi uchun juda muhim bo‘lgan elementlar, vitaminlar mavjud.
Surxondaryo baliqchilik bilan shug‘ullanish uchun zarur tabiiy iqlim, suv zaxiralariga ega. Bundan unumli foydalanish, ushbu tarmoqni yanada rivojlantirish uchun maxsus dastur ishlab chiqish kerak. Baliqchilikni chuqur biladigan mutaxassislar tayyorlash maqsadga muvofiqdir.
Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatida suv resurslaridan samarali foydalanish loyihasi bilan tanishdi.
Loyihada viloyatdagi gidrotexnika inshootlari, kanal va boshqa suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, yangilarini qurishga qaratilgan 122,7 million dollarlik chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Uning 89,5 million dollari Islom taraqqiyot bankining krediti hisobiga qoplanadi. Natijada viloyatning Sherobod, Sariosiyo, Denov, Oltinsoy, Sho‘rchi, Boysun, Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi 103,5 ming gektar maydonda suv ta’minoti yaxshilanadi.
Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga qarashli «Termiz marvaridi sanatoriyasi» mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.
Uchqizil suv ombori bo‘yidagi bahavo hududda joylashgan 140 o‘rinli ushbu sihatgohda bemorlar fizioterapiya va ma’danli suv, qum va quyosh nurlari orqali davolanadi.
Bugungi kunda 80 o‘rinli sihatgoh binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi. Keyingi bosqichda 60 o‘rinli yangi bino qurish va uni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash, qozonxonalarni modernizatsiyalash, hududda bolalar maydonchasi, futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan stadion va maydonchalar barpo etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga mazkur hududda dam olish kompleksi qurish bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi.