O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz Iso Termiziy ziyoratgohida bo‘ldi
2017-02-10 | Siyosat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Sherobod tumanidagi Abu Iso Muhammad at-Termiziy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Buyuk vatandoshimiz huquqshunoslik, tabiatshunoslik, tabobat, ilmu nujum, tilshunoslik, axloq va boshqa ko‘plab sohalarda asarlar yaratgan. Musulmon olamida buyuk muhaddislaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan ulug‘ ajdodimizning bebaho merosi bugungi kunda ham keng o‘rganilmoqda.
2016-yil oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev mazkur ziyoratgohga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishib, quruvchilarga tegishli ko‘rsatmalar bergan edi.
Ayni paytda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari keng miqyosda davom etmoqda. Majmua yonidagi qabriston obodonlashtirildi, 4,5 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi, suv, elektr energiyasi va gaz tarmoqlari tortildi.
Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, majmuani obod maskanga aylantirish, ziyoratchilarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi.