O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz Shodi bobo Xushboqov xonadonida bo‘ldi
2017-02-10 | Siyosat
Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga safari davomida Angor tumanidagi Zang gilambob qishlog‘ida Shodi bobo Xushboqov xonadonida bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev Shodi bobo va u kishining umr yo‘ldoshi Salomat momo bilan oilaning kundalik hayoti, farzandlar va nabiralarning tarbiyasi to‘g‘risida suhbatlashdi.
Siz kabi ko‘pni ko‘rgan, yuzidan nur yog‘ilib turgan otaxon va onaxonlar jamiyatimizning mustahkam zamini, yurtimizning fayzu barakasidir, dedi Prezidentimiz.
Erdan unumli foydalanilsa, Surxondaryo sharoitida yilda uch martagacha hosil olish mumkinligi, harakat qilgan odam o‘zini ham, xalqini ham boy qilishi ta’kidlandi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, istiqboldagi reja va ezgu maqsadlar haqida so‘z yuritildi.
Xonadon egalari davlatimiz rahbari xalq ichiga kirib, odamlarning fikrini o‘rganayotganidan yurtdoshlarimiz juda mamnun bo‘layotganini ta’kidladi. Odamlar og‘irini yengil qilish, turmushini yanada farovon etish borasidagi ulkan, tizimli ishlari uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi.