O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Asosiy maqsadimiz – aholiga qulay sharoitlar yaratish, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishdir
2017-02-04 | Siyosat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.
Mamlakatimiz taraqqiyoti ulkan bunyodkorlik ishlariga asos bo‘lmoqda. Shaharu qishloqlarda yangi sanoat korxonalari, ijtimoiy inshootlar, turar joylar, yo‘l va ko‘priklar barpo etilmoqda. Tadbirkorlik, savdo va maishiy xizmatlar keng rivojlanib, aholi turmush darajasi oshib bormoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi loyihasi ushbu islohotlar samarasini oshirish, mamlakat va jamiyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.
Davlatimiz rahbari poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan joyda qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich bilan tanishdi.
Muqimiy va Bunyodkor ko‘chalari kesishgan chorrahada tirbandlik yuzaga kelib, haydovchi va yo‘lovchilarning ortiqcha vaqt yo‘qotishiga, yoqilg‘i sarfi oshib, atrof-muhit ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Uzunligi 900, balandligi 6, kengligi 24 metr bo‘lgan 6 polosali mazkur yo‘l o‘tkazgich nafaqat haydovchilar va piyodalarga, balki shu atrofda yashayotgan aholiga ham bir qancha qulayliklar yaratadi.
Ko‘prikning ikki tomonida piyodalar uchun umumiy uzunligi 131,6 metr bo‘lgan ikkita yer usti o‘tish yo‘lagi ham barpo etilmoqda. Yog‘in-sochindan himoyalash moslamalari, eskalator va liftlar o‘rnatiladi.
Prezidentimiz qurilishning borishi bilan tanishar ekan, mamlakatimizda kundan-kun aholi farovonligi oshib, xonadonlarda mashinalar ko‘payayotgani, poytaxt ko‘chalarida avtomobil qatnovi ortayayotganini inobatga olish zarurligini, buning uchun qo‘shimcha yo‘llar va ko‘priklar barpo etishga ehtiyoj sezilayotganini alohida ta’kidladi.
Quruvchilarga ishning tez va sifatli bajarilishi yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.
Ko‘prik Navro‘z bayrami arafasida ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda.
Prezidentimiz shu yerda Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasida qurilishi rejalashtirilgan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan ham tanishdi.
Davlatimiz rahbari Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish uchastkasida bo‘ldi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan transport sohasi, jumladan, metropolitenni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent metropoliteni aholiga yanada keng qulayliklar yaratish, yo‘lovchilarni tashish xavfsizligini ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Chilonzor, O‘zbekiston va Yunusobod yo‘nalishlaridan iborat Toshkent metropoliteni bugun poytaxtimiz ahli va mehmonlariga samarali transport xizmati ko‘rsatib kelmoqda.
Metropolitenning Sergeli yo‘nalishi avvalgilaridan farqli tarzda yer ustidan o‘tadi. Qurilish ishlari 2017-2020-yillarga mo‘ljallangan mazkur yo‘nalishning uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etadi. U to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari bu loyiha O‘zbekiston tarixida yagonaligini alohida ta’kidladi. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida bekatlar usti yopiq bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
Prezidentimiz Sergeli tumanida bunyod etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurilishini ham ko‘zdan kechirdi. Mustaqilligimiz me’mori Islom Karimov tashabbusi bilan aksariyat shaharlarimiz bosh reja asosida qayta qurildi. Toshkent, Nukus, Urganch, Buxoro, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz va boshqa shaharlarning bugungi jamoli buning yaqqol tasdig‘idir.
Sergeli tumanida 2016-2017-yillar rejasiga asosan 4284 xonadondan iborat 102 zamonaviy ko‘p qavatli uy-joy qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur yirik loyiha yosh va ehtiyojmand oilalarning turar joyga bo‘lgan talabini qondirish imkonini yaratadi. E’tiborlisi, uylar oilalarga imtiyozli ipoteka krediti orqali beriladi.
Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi arafasida ushbu uy-joyning 66 tasini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Bu yerda ta’lim muassasalari, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham barpo etiladi.
Asosiy maqsadimiz – odamlarga qulaylik yaratish, ularning turmush farovonligini yuksaltirish, dedi Prezidentimiz. Mazkur uy-joylar taqsimotida adolat mezoniga qat’iy rioya etilishi kerak. Shunda xalqimizning kayfiyati yaxshi, hayotdan rozi bo‘ladi. Ertangi kunga ishonchi ortadi. Aholining ehtiyoji, talabidan kelib chiqib, bunday uylarni Toshkent shahrining barcha tumanlarida 10 tadan qurishni rejalashtirmoqdamiz.
Mutasaddi rahbarlar va mutaxassislarga mazkur inshootlarni bugungi kun talablariga to‘la javob beradigan puxta loyihalar asosida qurish, ularni eng zamonaviy infratuzilmalar bilan ta’minlash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Shavkat Mirziyoyev Yakkasaroy tumanidagi “Yakkasaroy kichik sanoat zonasi” davlat unitar korxonasiga tashrif buyurdi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi poytaxtimizda ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, tadbirkorlarning erkin faoliyat ko‘rsatishini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yangi bosqichni boshlab berdi.
Bugungi kunda Toshkent shahrining Yunusobod, Sergeli va Yakkasaroy tumanlarida uzoq yillardan beri faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar negizida 3 ta texnopark tashkil etilgan bo‘lib, ular tadbirkorlarga mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda qulay shart-sharoitlar yaratmoqda.
Yakkasaroy tumanidagi sobiq to‘qimachilik kombinati hududida tashkil etilgan “Yakkasaroy kichik sanoat zonasi” davlat unitar korxonasining umumiy yer maydoni 61,2 gektar, bino va inshootlar maydoni 338 ming kvadrat metr. Hozir bu yerda 284 tadbirkorlik subyekti to‘qimachilik, kimyo sanoati, oziq-ovqat, mebelsozlik, metallni qayta ishlash, qog‘oz, charm-poyabzal, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mashinasozlik kabi tarmoqlarda faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 2016-yilda 630 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 48,5 million dollarlik tovarlar eksport qilingan.
Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida texnopark hududida bank shoxobchasi, notarial idora, temir yo‘l liniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Bu yerda 6 ming 600 dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari texnopark hududidagi loyihalar bilan tanishar ekan, bunday kichik sanoat zonalarini poytaxtimizning barcha tumanlarida tashkil etish, ularda kichik biznes vakillariga keng imtiyozlar yaratish zarurligini ta’kidladi. Mazkur korxonalarning xorijiy hamkorlar topishiga ko‘maklashish lozimligi, bu ularning chet el bozorlariga chiqishi va mahsulotlari eksportini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish bilan masala hal bo‘lib qolmaydi, dedi Prezidentimiz. Bunday korxonalar negizida barpo etilayotgan texnoparklarda muhandislik-kommunikatsiya tizimi va infratuzilmani rivojlantirish, tadbirkorlar faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish lozim. Boshlayotgan ishidan ertaga daromad kelishini ular bilsin. Shundagina bu sohadagi ishlar ko‘zlangan natijani beradi.
Shavkat Mirziyoyev texnopark hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Mamlakatimizda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanib, mahsulotlar sifatini oshirish, eksport faoliyatini yanada rivojlantirish, xorijiy ko‘rgazmalarda faol ishtirok etishni taklif etdi. Mutasaddi rahbarlarga bunday faoliyatni qo‘llab-quvvatlash uchun mahsulotlarni mahalliylashtirishni yanada kengaytirish, tadbirkorlarga xorijdan texnologiyalar keltirish va yurtimizda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun investitsiyalar ajratish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Prezidentimiz Sergeli tumanida bunyod etiladigan «Toshkent metallurgiya zavodi» xorijiy korxonasi qurilishi loyihasi bilan tanishdi.
Loyiha qiymati 278,2 million yevroni tashkil etadigan mazkur korxona ta’sischisi Buyuk Britaniyaning "Quality Trade Supplies L.P." kompaniyasi hisoblanadi.
Umumiy yer maydoni 100 gektardan iborat bo‘lgan ushbu korxona qurilish ishlarini yigirma to‘rt oyda yakunlash rejalashtirilgan. Zavodga Italiya, Germaniya, Avstriya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar keltiriladi. Korxonada avtomobillar kuzovi ishlab chiqarish uchun metall listlar, qurilishda ishlatiladigan turli metall cherepitsalar, profnastil hamda maishiy texnikalar uchun metall listlar tayyorlanadi. Korxona to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, 1000 dan ziyod ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu korxona qurilishi boshlanishi bilan tanishdi. Mazkur metallurgiya zavodining mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojidagi o‘rniga to‘xtalib, bu yerda ishlaydigan mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Pudratchi va quruvchilar bilan suhbatlashdi, ushbu mas’uliyatli ishda ularga muvaffaqiyatlar tiladi.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va sohaga ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlarida mazkur korxona uchun mutaxassislar tayyorlash lozimligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz Toshkent shahrining Olmazor va Beshyog‘och ko‘chalari kesishuvidagi hududda barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli sport kompleksi qurilishini ko‘zdan kechirdi.
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada yuksaltirishning muhim omillaridan biri bo‘lgan sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va g‘oyasi asosida qurilayotgan "Humo" sport majmuasi dizaynida zamonaviy qurilish yechimlari va ilg‘or texnologiyalar milliy madaniyat elementlari bilan uyg‘unlashtiriladi. Majmua binolari ko‘kka parvoz etayotgan baxt va hurlik ramzi – Humo qushi ko‘rinishida barpo etiladi.
Inshoot har biri 60x30 metr o‘lchamdagi asosiy va mashq muz arenalaridan iborat. Umumiy maydoni 74 ming kvadrat metrni tashkil etadigan inshoot to‘rt qavatdan iborat bo‘ladi.
Mobil o‘rindiqlarga ega bo‘lgan saroy sport musobaqalari o‘tkazish zali sifatida 14 ming, konsert zali sifatida 10 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Asosiy binoda 300 o‘rinli mashq arenasi ham loyihalashtirilgan.
Arenada xokkey, short-trek, figurali uchish, kyorling bo‘yicha musobaqalar bilan bir qatorda basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo va sportning boshqa turlari bo‘yicha ham bellashuvlar o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, majmua bayram tadbirlari, konsertlar, ko‘rgazma va forumlar tashkil etish uchun ham barcha sharoitga ega bo‘ladi.
Majmua hududida umumiy bosh reja konsepsiyasiga asosan sport muzeyi, bolalar uchun yopiq maydon, trenajer zallar, fitnes markazi, zamonaviy ovqatlanish shoxobchalari, sport anjomlari do‘koni va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashtiriladi.
Majmuaning muhandislik tarmoqlari, yong‘in xavfsizligi, yoritish, ventilatsiya, issiqlik manbai, konditsionerlash tizimlari to‘liq avtomatlashgan bo‘lib, tejamkor texnologiyalar qo‘llangan holda loyihalangan.
Bundan tashqari, bino yonida to‘rt qavatli avtomobillar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan.
Obyektni 2018-yilda ishga tushirish mo‘ljallanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bunday zamonaviy sport inshootlarining barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi, mutasaddilarga qurilish jarayonini yuqori sifatda amalga oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.
Prezidentimiz Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘idagi Shoirlar xiyobonida bir guruh adiblar bilan uchrashdi.
Mustaqillik yillarida yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ta’lim muassasalarini badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop va tarbiyaviy adabiyotlar bilan ta’minlashni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim qadam bo‘ldi.
Uchrashuvda bu maskanni yanada obod qilish, odamlarning, ayniqsa, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, ularni kitobga oshno qilish, mashhur adiblarimiz hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ularni bu dargohga muntazam ravishda jalb etish haqida so‘z bordi.
Bu bog‘ buyuk mutafakkir Alisher Navoiy nomi bilan atalishida teran ma’no mujassam, dedi Prezidentimiz. Zero, ulug‘ shoir ijodiy merosi xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlodni Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Shoirlar xiyoboni shunday maskan bo‘lishi kerakki, bu yerda muntazam she’rlar jaranglab turishi zarur. Zotan, she’riyatga oshno bo‘lgan inson aslo kam bo‘lmaydi, dedi davlatimiz rahbari. Mamlakatimizdagi barcha madaniy muassasalarda she’rxonlik kechalari o‘tkazish, yoshlarning bunday uchrashuvlarda faol ishtirokini ta’minlash maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi.
Uchrashuvda shoir va yozuvchilar ijod ahliga, kitob mutolaasiga, kitobxonlik madaniyati targ‘ibotiga qaratayotgan yuksak e’tibori uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi.
Prezidentimiz taklifi bilan 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. Xalqni eshitish, aholining talab va istaklarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Shu maqsadda 2016-yil 28-dekabrda Prezidentimizning «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasida ham fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishiga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash uchun barcha qulaylik yaratilgan.
Qabulxonaga kiraverishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», degan so‘zlari bitilgan. Muassasa faoliyati ana shu mezon asosida yo‘lga qo‘yilgan. Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va saqlash uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Xodimlar, yosh bolali onalar, nogironlar va fuqarolar uchun barcha jihatlar e’tiborga olingan.
Toshkent shahrida aholi ko‘pligini inobatga olib, bu yerda sohaviy bo‘limlar tashkil etilgan. Ushbu qabulxona Amir Temur ko‘chasi, 14-uyda joylashgan.
Davlatimiz rahbari Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishar ekan, uning tashkiliy jihatlariga yuqori baho berdi. Endi uni mazmunan boyitish, ichki madaniyatini mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidladi.
Toshkent shahrining salohiyati ham, aholi soni, odamlarning talabi ham boshqa joylardagidan yuqori. Ishni shunga muvofiq tashkil etish kerak. Bu joy xalq manfaatlarini ta’minlaydigan, ishonchini qozonadigan dargoh, adolat maskani bo‘lsin, dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Toshkentda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar poytaxtimiz iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini yuksaltirish, uni yanada zamonaviy va obod shaharga aylantirish, aholi farovonligini bundanda oshirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.