O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi qurilayotgan metro yo‘nalishi bilan tanishdi
2017-02-03 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan transport sohasi, jumladan, metropolitenni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz transport tizimida muhim o‘ringa ega Toshkent metropoliteni aholiga yanada keng qulayliklar yaratish, yo‘lovchilarni tashish xavfsizligini ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Chilonzor, O‘zbekiston va Yunusobod liniyalaridan iborat Toshkent metropoliteni bugun poytaxtimiz ahli va mehmonlariga samarali transport xizmati ko‘rsatib kelmoqda.
Metropolitenning Sergeli yo‘nalishi avvalgilaridan farqli tarzda yer ustidan o‘tadi. Qurilish ishlari 2017-2020-yillarga mo‘ljallangan mazkur yo‘nalishning uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etadi. U to‘liq ishga tushishi bilan bir yilda 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari qurilish ishlari bilan tanishar ekan, bu loyiha O‘zbekiston tarixida yagonaligini alohida ta’kidladi. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida bekatlar ustining yopiq bo‘lishi, poyezdlar qatnovida uzilishlar bo‘lmasligi kerakligini qayd etib o‘tdi.