Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkentda yangi yo‘l o‘tkazgich qurilishi bilan tanishdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Mamlakatimizda yangi sanoat korxonalari, madaniyat va sport inshootlari, ta’lim maskanlari, savdo markazlari, shifoxonalar, turar joylar, yo‘llar va ko‘priklar barpo etish, mavjudlarini zamon talablari darajasida tubdan rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom etmoqda. Bugun poytaxtimiz o‘zining tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, uzoqni o‘ylab tuzilgan reja asosida rivojlanib bormoqda.
Davlatimiz rahbari poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan joyda qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich bilan tanishdi.
Quruvchilarimiz bu kabi ulkan bunyodkorlik ishlarining hadisini olgan. Bugun Muqimiy va Bunyodkor ko‘chalari kesishgan chorrahada tirbandlik yuzaga kelib, haydovchi va yo‘lovchilarning ortiqcha vaqt yo‘qotishiga, yoqilg‘i sarfi oshib, atrof-muhit ifloslanishiga sabab bo‘layotir.
Umumiy uzunligi 900, balandligi 6, kengligi 24 metr bo‘lgan 6 polosali mazkur yo‘l o‘tkazgich nafaqat haydovchilar va piyodalarga, balki shu yerda yashayotgan aholiga ham bir qancha qulayliklar yaratadi.
Ko‘prikning ikki tomonida piyodalar uchun umumiy uzunligi 131,6 metr bo‘lgan ikkita yer usti o‘tish yo‘lagi ham barpo etilmoqda. Yog‘in-sochinli kunlarda himoyalanish moslamalari o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Prezidentimiz qurilishning borishi bilan tanishar ekan, mamlakatimizda kundan-kunga aholining yashash farovonligi oshib, xonadonlarda mashinalar ko‘payayotgani, poytaxt ko‘chalarida avtomobil qatnovining kengayayotganini inobatga olish, buning uchun qo‘shimcha yo‘llar va ko‘priklar barpo etishga ehtiyoj sezilayotganini alohida ta’kidladi.
Quruvchilarga ishning tez va sifatli bajarilishi yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.
Ko‘prik Navro‘z bayrami arafasida ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda.
Abubakir O‘rozov, O‘zA