O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ko‘ngli obodning yurti obod
2015-02-19 | Jamiyat
Prezidentimiz rahnamoligida urush va mehnat faxriylarini ijtimoiy muhofaza qilish, moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoiti yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 13-oktabrda qabul qilingan "1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo'layotir.
Yoshi ulug' insonlarni e'zozlash, ularga ko'mak berish bo'yicha Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bayramlar arafasida viloyatdagi "Saxovat" va "Muruvvat" uylarida istiqomat qilayotgan nogiron va yolg'iz keksalar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma'naviy yordam ko'rsatilayotir.
Tarmoqlar kasaba uyushmalari, "Nuroniy" jamg'armasining tuman va shahar bo'limlari hamkorligida ellik yildan ortiq ibratli hayot kechirgan oltmish nafardan ziyod namunali oila vakillari taqdirlandi. Ular bilan yoshlarning uchrashuvlari tashkil etilayotgani katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etmoqda.
O'tgan yili "Nuroniy" jamg'armasi hamda tegishli korxona va tashkilotlar hamkorligida 260 nafardan ziyod urush va mehnat faxriysi yurtimizning qadimiy shaharlari va diqqatga sazovor joylariga sayohat qilib qaytdi.
– Yurgan – daryo, deydilar. Buxoro va Samarqand shaharlariga sayohat davomida Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G'ijduvoniy kabi ulug' allomalarimiz mangu qo'nim topgan maskanlarni ziyorat qilib, katta ma'naviy quvvat oldik, ruhan tetiklashdik, – deydi Andijon shahrida yashovchi mehnat faxriysi Mahmud Hojimatov. – Davlatimiz tomonidan tashkil etilayotgan bunday tadbirlar biz, keksalarni hayotdan zavq olib yashashga undab, ko'nglimizni tog'day ko'tarmoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, 2014-yilda Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan 89 nafar urush va mehnat faxriysiga joylardagi sihatgoh va sanatoriy-profilaktoriylarga yo'llanma berilgan. 4 mingdan ziyod yakka-yolg'iz keksalar, urush va mehnat faxriylarining uy-joylarini ta'mirlash, ularni zarur dori-darmonlar bilan ta'minlash, kommunal to'lovlar bo'yicha qarzdorligini qoplash, oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachalari sotib olishi uchun moddiy yordam ko'rsatilgan. Keksalarni e'zozlash yilida bu boradagi ishlar ko'lami yanada kengaymoqda.